70 ming chet ellik Rossiyaga kiritilmadi
Olam
−
14:01 1047 1 daqiqa
Biometrik shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha eksperiment boshlanganidan beri 70 mingga yaqin xorijlik chegara o‘tkazish punktlari orqali Rossiyaga o‘tkazilmadi. Mamlakatga kirish uchun jami 14 million kishi biometrik ma’lumot topshirgan. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, eksperiment 2024 yil 1 dekabrdan beri amal qilmoqda. Mamlakatga kirayotganlar chegara nazorati vaqtida ikki parametr bo‘yicha – fotosurat va barmoq izlari orqali identifikatsiya qilinadi. Ular bevosita o‘tkazish punktlarining o‘zida topshiriladi.
“Tizim nafaqat biometrik ma’lumotlarni yig‘ishga, balki kirish taqiqlanganidan keyin mamlakatni tark etgan, shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirgan va Rossiyaga qayta kirishga uringanlarni aniqlashga ham yordam bermoqda”, deyiladi xabarda.
Dastlab eksperimentda Moskvaning Sheremetevo, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlari, shuningdek, Orenburg viloyatidagi “Mashtakovo” avtomobil o‘tkazish punkti ishtirok etgan. 2025 yil 1 maydan unga Vnukovo aeroporti ham qo‘shilgan. 2026 yilning iyun oyida biometriya yig‘ish tizimlari bilan yana 11 ta o‘tkazish punkti – Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Krasnoyarsk, Yekaterinburg, shuningdek, Oltoy o‘lkasi, Irkutsk, Kurgan, Novosibirsk, Saratov, Orenburg va Omsk viloyatlaridagi punktlar jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilning birinchi yarim yilligida qonunchilikni buzgani uchun Rossiyadan 43 ming 700 nafar migrant chiqarib yuborilgani haqida xabar berilgan edi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 65,5 foizga ko‘p.
Live
Barchasi