70 ga yaqin Bengal yo‘lbarsini o‘ldirishda ayblanayotgan brakoner ushlandi
Olam
−
01 iyun 2021
4343Bangladeshlik mashhur brakoner Habib Talukder politsiyaning 20 yillik ta’qibidan so‘ng qo‘lga tushdi. U Qizil kitobga kiritilgan, dunyoda yo‘qolib ketish arafasida turgan 70 ta Bengal yo‘lbarsini o‘ldirganlikda ayblanmoqda.
Mahalliy politsiya boshlig‘i Saidur Rahmonning aytishicha, “Tiger Habib” laqabi bilan tanilgan Habib Talukder o‘rmon yonida yashagan va har safar zobitlar bu hududga kirib kelganda qochib qolgan.
Mahalliy aholining guvohlik berishicha, 50 yoshli Talukderdan odamlar qo‘rqadi.
“U o‘rmonda yo‘lbars bilan yakka o‘zi jang qila oladigan kuchli va xavfli odam”, deydi aholi vakillari.
Talukder Bengal yo‘lbarslari eng keng tarqalgan Hindiston va Bangladesh chegaralaridagi Sundarbans o‘rmonida ov qilib kelgani aytilmoqda. U mushuklarning suyaklari, terisi va go‘shtini qora bozordagi savdogarlarga sotib kelgan.
Bangladesh o‘rmon departamentining ma’lumotlariga qaraganda, mamlakatdagi Bengal yo‘lbarslari soni 2004 yilda 440 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 106 taga tushib ketgan.
2019 yildan boshlab mintaqada brakonerlik va banditizmga qarshi kurash kuchaygan. O‘rmonni muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy ofitser Maynuddin Xonning aytishicha, Talukderning hibsga olingani haqidagi xabar “tinchlanishga” olib kelgan.
“U biz uchun katta bosh og‘rig‘i edi. U o‘rmonning biologik xilma-xilligiga katta xavf tug‘dirdi“, - dedi u.
Ma’lumot o‘rnida, bundan 400 yil oldin, Bengal yo‘lbarslarining Yer yuzidagi umumiy soni 50 mingdan ziyodroqni tashkil etgan. O‘tgan asrning 70 yillariga kelib, odamlar ularni qimmatbaho terisi va go‘shti uchun ovlashi, o‘rmon hududlarini qisqartirishi oqibatida yo‘lbarslar soni bir necha barobarga kamayib ketgan. Ayni paytda sayyoramizda 2,5 mingtagina Bengal yo‘lbarsi saqlanib qolgan. Bengal yo‘lbarsi boshqa turdoshlari orasida yaxshi suzuvchiligi, chiroyli terisi, kuchli va uzun tirnoqlari bilan ajralib turadi.
Mohinur Mamatova
LiveBarchasi