7 oy ichida 25 erkakka turmushga chiqqan ayol qo‘lga olindi
Olam
−
22 may 21615 2 daqiqa
Hindistonning Rajastan shtati politsiyasi tomonidan 23 yoshli Anuradhu Pasvan ismli ayol turli shtatlarda atigi 7 oy ichida 25 nafar erkak bilan turmush qurib, keyin ularni aldab qochib ketganlikda ayblanib, qo‘lga olindi. Bu haqda “The Economic Times” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ayol Bhopal shahrida hibsga olingan. Hatto unga “aldab turmushga chiqib, qochib ketadigan kelin” nomli laqab ham qo‘yilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Anuradhu o‘zini kelin qilib ko‘rsatib, qonuniy ravishda erkaklar bilan turmush qurgan, keyin esa bir necha kun ichida ularning uyidan yo‘qolib, o‘zi bilan birga tilla, naqd pul va elektron buyumlarni olib ketgan.
Ushbu firibgarlik ishlari joriy yilning 3 may kuni Vishnu Sharma ismli fuqaroning shikoyat qilganidan so‘ng fosh bo‘lgan. U vositachilar orqali 2 lakh rupiy (taxminan 60 mln so‘m) to‘lab, o‘ziga turmush o‘rtoq topishni so‘ragan. Anuradhu joriy yilning 20 aprel kuni u bilan mahalliy sudda nikohdan o‘tgan, ammo 2 may kuni uydan qimmatbaho buyumlari bilan qochib ketgan.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Anuradhu o‘z firibgarlik usulini mukammal darajada ishlab chiqqan. U ilgari Uttar-Pradesh shtatining Maharajganj shahrida shifoxonada ishlagan va oilaviy janjaldan so‘ng birinchi eridan ajrashgan. Keyinchalik Bhopalga ko‘chib o‘tgan va u yerda nikoh firibgarligi bilan shug‘ullanadigan jinoyatchi guruhga qo‘shilgan.
Bu guruh turli platformalar orqali turmushga chiqmoqchi bo‘lgan “kelinlar”ni ko‘rsatib, erkaklardan 2 dan 5 lakh rupiygacha haq olgan vositachilar yordamida ishlagan.
Anuradhu Sharma uyidan qochgach, Bhopalda Gabbar ismli boshqa erkak bilan yana turmush qurib, uni ham 2 lakh rupiyga aldagan. Politsiya uning qo‘lga tushishi uchun maxsus reja tuzgan va bir xodimni soxta kuyov sifatida yuborgan. Agentlardan biri Anuradhuning suratini yuborganida, politsiya bu imkoniyatdan foydalanib, uni qo‘lga olgan.
Hozirda politsiya jinoyatga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni ham aniqlagan.
Jaloliddin Rahmonov
Live
Barchasi