64 nafar begunoh o‘zbek bolasi Iroqdan qanday qaytarildi? (video)

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, kecha, 10 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan mutlaqo maxfiy muhr ostida “Mehr-2” operatsiyasi amalga oshirilib,  Iroq hududida og‘ir sharoitda qolayotgan o‘zbekistonlik 64 nafar begunoh bola maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelindi. Jarayon bilan bog‘liq tasvirlar bugun “O‘zbekiston 24” telekanali orqali namoyish etildi.  

O‘zbekistonga olib kelingan 35 nafar o‘g‘il va 29 nafar qiz bolalarning orasida 16 nafar 3 yoshgacha bo‘lgan norasida va 2 nafar yetim bolalar bor.

Ularning 10 nafardan jami 40 nafari Toshkent, Andijon va Samarqand viloyatlaridan, hamda Toshkent shahridan 10 nafardan, Xorazm viloyatidan 7 nafar, Surxondaryo viloyatidan 6 nafar, Farg‘ona viloyatidan 4 nafar, Namangan viloyatidan 4 nafar, Buxoro viloyatidan 2 nafar va Jizzax viloyatidan 1 nafar bolalar sarson-sargardonlik va xor-zorlikdan qutqarib kelingan. 

Gumanitar amaliyot ishchi guruhi tomonidan ayni paytda turli xalqaro terroristik tashkilotlarga a’zo bo‘lib, o‘zga davlatlar fuqarolari tinchligi va osoyishtaligiga tahdid solgani uchun Iroq davlatida 10-20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan yoki umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan o‘zbekistonlik ayollar bilan tegishli suhbatlar o‘tkazildi va farzandlarini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ularning roziligi olindi. 

Eslatib o‘tamiz, “Mehr-2” operatsiyasi Iroq davlati hukumati va YUNISEF Xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Iroq Mehr-2

Baholaganlar

133

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing