63 mingdan ortiq abituriyent test sinovlarida ishtirok etmadi – DTM
Jamiyat
−
14 Sentabr 2020
8962Joriy yilning 2 sentyabridan 14 sentyabriga qadar oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari o‘tkazildi. Hujjat toshirganlarning 63 mingdan ziyodi imtihonlarda ishtirok etmagan. 1 187 nafar imtihon topshiruvchilar test sinovlaridan chetlatilgan. Bu haqda Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi.
“Test sinovlarida 1 mln 304 194 nafar abituriyentdan 1 mln 240 614 nafari (95,1 foizi) ishtirok etgan. 63 580 nafar(4,9 foiz) abituriyent esa turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok etmagan”, deydi Sardor Rajabov.
Qayd etilishicha, 1 187 nafar abituriyentlardan 548 nafari hududga kirishda, 639 nafari esa test sinovi jarayonida qoidalarni buzganligi sababli chetlashtirilgan.
Qolgan abituriyentlar kalkulyator olib kirishga uringani, shaxsi tasdiqlanmagani, o‘zaro gaplashgani, test materiallarini almashtirgani, test materiallarini olib chiqishga uringani kabi turli sabablar bilan test sinovlaridan chetlatilgan.
1 187 nafar abituriyentning 367 nafari telefon, 48 nafari shpargalka olib kirishga uringani, 118 nafari birovning o‘rniga kirishga harakat qilgani, yana 10 nafari hujjat soxtalashtirgani uchun test sinovlaridan chetlashtirilgan.
Shuningdek, imtihon jarayonida 491 nafar abituriyent telefondan, 68 nafari shpargalkadan foydalangan va 27 nafari birovning o‘ringa kirgani uchun test sinovlaridan chetlatilgan.
Ma’lumot uchun, test sinovlari Farg‘ona viloyatida 10 kunda (11 sentyabr kuni), Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida 11 kunda (12 sentyabr kuni), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida 12 kunda (13 sentyabr kuni) yakunlangan.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi