58 ming abituriyent qayta imtihon topshirishi mumkin

Olam

image

Meksikaning nufuzli oliy ta’lim muassasasi Meksika milliy avtonom universiteti (UNAM) kirish imtihonlarida firibgarlik alomatlari aniqlangani sababli 58 mingga yaqin abituriyentdan testni qayta topshirishni talab qildi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, universitet ma’muriyati bu yil ilk bor to‘liq onlayn formatda tashkil etilgan kirish imtihonlari kutilgan natijani bermaganini ma’lum qildi. Shu bois qayta imtihonlar an’anaviy tarzda, auditoriyalarda o‘tkaziladi.

"UNAM xatolarni aniqlashni va ularni tuzatishni biladi. Bu borada hech qanday beparvolik bo‘lmaydi. Mas’uliyatni o‘z zimmamizga olamiz va shunga muvofiq harakat qilamiz", degan UNAM rektori Leonardo Lomeli.

Joriy yilning yozida universitetga kirish uchun qariyb 160 ming abituriyent imtihon topshirgan. Onlayn test davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan kuzatuv tizimi orqali yuz va ovozni aniqlash texnologiyasi bilan nazorat qilingan. Biroq imtihon natijalari nazorat tizimi firibgarlikning oldini ololmaganini ko‘rsatdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021–2025 yillar davomida abituriyentlarning bor-yo‘g‘i 3,5 foizi 120 balldan 100 va undan yuqori natija qayd etgan. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich keskin oshib, 16 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 110 va undan yuqori ball to‘plaganlar ulushi ham avvalgi 0,9 foizdan 5,5 foizgacha ko‘tarilgan.

Universitetdagi eng talab yuqori yo‘nalishlardan biri bo‘lgan tibbiyot fakultetiga hujjat topshirgan abituriyentlarning qariyb 30 foizi 100 va undan yuqori ball olgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilda bunday natijani qayd etganlar ulushi 9 foizni tashkil etgan.

Mazkur holat mamlakatda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum zarurat tug‘ilsa, ish bo‘yicha Bosh prokuratura ham tergov olib borishi mumkinligini bildirgan. Shuningdek, Mexiko shahrida yuzlab abituriyentlar qayta imtihon topshirish qaroriga norozilik bildirib, poytaxtdagi asosiy ko‘chalardan bir nechtasini to‘sib qo‘ygan.

UNAM ma’lumotiga ko‘ra, natijalar e’lon qilinishidan avval shaxsni soxtalashtirish, tashqi yordamdan foydalanish hamda sun’iy intellekt vositalarini qo‘llash kabi qoidabuzarliklar aniqlangani sababli 3 174 ta test natijasi bekor qilingan.

Firibgarlik mojarosi sabab universitet barcha qabul jarayonini vaqtincha to‘xtatgan va 158 mingdan ortiq abituriyent taqdirini ko‘rib chiqish uchun maxsus texnik qo‘mita tuzgan. Universitet rahbariyati yangi o‘quv yili avval rejalashtirilgan 10 avgust o‘rniga 31 avgustda boshlanishini ham e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Ta’lim vaziri Dxarmendra Pradxan imtihon savollari sizib chiqishi ortidan mamlakat bo‘ylab davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng iste’foga chiqqani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing