52 o‘zbekistonlik yonib ketgan Irg‘iz tumanida yana 1 O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi
Jamiyat
−
23 yanvar 2020
6801O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘istonda ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi natijasida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.
O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, kecha, 22 yanvar kuni Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumani hududida Samara-Chimkent avtomobil trassasida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yengil-avtomobil yo‘lovchisi, O‘zbekiston fuqarosi N.S. vafot etdi.
TIVning qayd etishicha, Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va Qozog‘istonning tegishli idoralari bilan tezkor aloqa o‘rnatgan.
Shuni qayd etib o‘tish o‘rinliki, 2018 yilning 18 yanvar kuni aynan YTH sodir bo‘lgan hududda 52 o‘zbekistonlik avtobus ichida yonib ketgan edi. Hodisa Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumanida sodir bo‘lgan. Fojia sabab avtobusdagi 55 yo‘lovchidan 52 kishi halok bo‘lgandi. Ularning barchasi Rossiyaga ish izlab yo‘lga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari edi.
Unda Namangan viloyatidan 31 nafar, Farg‘ona viloyatidan 16 nafar, Andijon viloyatidan 2 nafar, Toshkent shahridan 2 nafar hamda Surxondaryo viloyatidan bir nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgan edi.
Shuningdek, Bosh konsulxonaning xabar berishicha, ob-havo sharoitining yomonlashgani tufayli Qozog‘istonning 9 ta viloyatida 48 ta uchastka barcha turdagi avtotransport vositalari uchun vaqtincha yopilgan. 23-25 yanvar kunlari kuchli qor yog‘ishi va bo‘ron davom etadi.
“TIV Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi va O‘zbekiston fuqarolari e’tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida mazkur mamlakatga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy risklarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligiga qaratadi.
Qozog‘istonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (Nur-Sulton shahri, Aqmo‘la, Shimoliy Qozog‘iston, Pavlodar, Qostanay va Qarag‘anda viloyatlari, tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10 Telegram, Whatsapp, Imo) Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaga (Aqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston va Mangistau viloyatlari, tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51) Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (Olmaota shahri, Chimkent shahri, Olmaota viloyati, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari, tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15