“500 ming pora olgan shifokor 5 yilga, davlat pulini talon-toroj qilgan hokim 3 yilga qamaldi”. Adliya vaziri holatni tushuntirdi
Jamiyat
−
30 mart 2023
26049Ma’lum bir vaqt davomida ijtimoiy tarmoqlarda 500 ming pora olgan shifokor 5 yilga, davlat pulini talon-toroj qilgan hokim 3 yilga qamalgani keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Ko‘pchilik sudning ushbu qarorlarini adolatsiz hukm deya baholagandi. Joriy yilning 28 mart kuni Adliya vaziri Akbar Toshqulov boshchiligida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. U ushbu muloqot davomida jinoyatlar uchun beriladigan jazoning ijtimoiy adolatlilik darajasi haqida ham ma’lumot berib, yuqoridagi holatni izohladi.
“500 ming pora olgan shifokor 5 yilga qamaldi, Asaka tumani sobiq hokimi Mansur Alixonovga esa sud tomonidan 3 yil-u 1 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Unga rastrata yo‘li bilan davlat mulkini talon-toroj qilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 500 ming pora olgan odamga 5 yil berilyaptida, juda ko‘p miqdorda davlat mulkini o‘zlashtirgan mansabdorga kam muddat berilyapti. Bu jamiyatda sudga va qonunchilikka nisbatan toqatsizlikni uyg‘otmaydimi?", deya savol bergan jurnalist ushbu anjumanda.
Vazir ushbu savolga javob berar ekan, jinoyatlarning kvalifikatsiyasi bo‘yicha har bir jinoyatga nisbatan sanksiyalar belgilanganini aytib o‘tdi.
“Sanksiyalar doirasida sud ishlaydi. Poraxo‘rlik jinoyati kichkina summa bo‘lsa ham bizda sanksiya jihatidan yuqoriroq. Tasavvur qiling, bitta shifokor 100 ming so‘m olib kelmasang, operatsiya qilmayman deyapti. Uni oqibati yuqoriroq. Shuning uchun qonunlarda shunday yuqoriroq jazo qo‘yilgan. Jamiyatga ta’siri juda katta. Shu nuqtai nazardan har bitta moddani to‘g‘ri tushunish kerak”, deya javob bergan vazir.
Shuningdek, Toshqulov yana bir jurnalistning qamoqxonalar Ichki ishlar vazirligidan olinib, Adliya vazirligiga o‘tkazilishi haqidagi taklifiga avvaldan bu tizim shakllanganini aytib, buni o‘zgartirish qiyinligini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi