50 ga yaqin shirkat rahbarlariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
19 dekabr 2022
10512250 ta uy-joy mulkdorlar shirkatlari tomonidan jami 20 mlrd so‘m mablag‘lar talon-toroj qilindi. Bu haqda Uy-joy fondi inspeksiyasi rahbari Azlar Sodiqov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ko‘p kvartirali uylar va unga tutash hududlarda jami 11778 ta noqonuniy qurilmalar aniqlangan bo‘lib shulardan, 3500 tasiga 6 milliard so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilgan. Shuningdek, ularning 6800 tasi mulkdorlarning o‘zlari tomonidan avvalgi holatiga qaytarilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, 250 ta uy-joy mulkdorlar shirkatlari tomonidan jami 20 mlrd so‘m mablag‘lar talon-toroj qilingan yoki uy-joy mulkdorlariga zarar yetkazilgan. Shundan 50 ga yaqin shirkat rahbarlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, 700 mln so‘mga yaqin mablag‘lar shirkatlar hisobiga qaytarilgan.
Shuningdek, ko‘p kvartirali uylar va ularga tegishli tutash hududlarda olib borilgan ta’mirlash-tiklash ishlari o‘rganilganda jami qiymati 14 mlrd so‘m miqdorda 57 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan. Hozirda pudrat tashkilotlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
“Mening uyim billing” tizimi orqali hisob yuritilishini ta’minlash maqsadida maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, 3 oy mobaynida 1500 ta murojaat qabul qilingan. Shundan 1200 tasi joyida ijobiy hal etilgan, 100 ga yaqin shirkatlarga boshqaruv qoidalarini buzgani uchun 300 mln so‘m miqdorda jarima qo‘llanilgan.
Ko‘p kvartirali uylarning yer to‘lalaridan foydalanish tartibi o‘rganilganda 550 ta huquqbuzarlik va kamchiliklar aniqlangan. Shundan 425 ta o‘zboshimchalik bilan yerto‘lalarni egallab olish yoki qayta rejalashtirish ishlari hamda 125 ta yerto‘lalarning sanitar tartibga rioya etilmagani aniqlangan.
Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan jami 670 mln so‘m miqdorda 247 ta ma’muriy jarima qo‘llanilgan. Bundan tashqari, 290 ta yerto‘ladagi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar avvalgi holatiga qaytarilgan.
LiveBarchasi