5 ta hududda bankirlar qariyb 2 mlrd so‘mni “uxlatdi”

3-sahifa

image

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida bank tizimida sodir etilgan qator qonunbuzarliklar fosh etildi. Tekshiruvlar davomida ayrim bank xodimlari va sobiq mansabdorlar imtiyozli kredit mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida tijorat bankining 3 nafar Bank xizmatlari markazi (BXM) xodimi o‘zaro til biriktirib, 5 nafar fuqaro nomiga imtiyozli kredit ajratgan. Biroq ushbu mablag‘lardan belgilangan maqsadda foydalanmasdan, 146 mln so‘mni o‘zlashtirgan.

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida esa tijorat banki filialining mas’ul xodimlari va boshqa shaxslar “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratilgan kreditlarni noqonuniy o‘zlashtirgani aniqlangan. Gumonlanuvchilar 21 nafar fuqaro nomiga hunarmandchilik, tikuv uskunalari xaridi, issiqxona qurish hamda chorvachilik uchun jami 747 mln so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirgan. Bu haqda fuqarolarga xabar bermagan holda mablag‘larni ta’minotchi korxonalarga o‘tkazgan.

Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida esa tijorat banki BXM boshqaruvchisining sobiq o‘rinbosari va boshqa shaxslar fuqaro nomiga yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilgan. Ular soxta ma’lumotlar asosida 500 mln so‘m kredit mablag‘ini qo‘lga kiritgani aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs avval ham Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan sudlangan.

Buxoro viloyatining Jondor tumanida bankning sobiq rahbari va sobiq mutaxassisi fuqarolarning xabarisiz ularning nomiga kredit rasmiylashtirib, 110 mln so‘m mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan egallagani ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida bankning sobiq bo‘lim boshlig‘i fuqaroga uy-joy sotib olish uchun 240,5 mln so‘mlik ipoteka krediti ajratib berishini va’da qilgan. Biroq qalbaki kredit shartnomasi orqali ajratilgan mablag‘ning 90 mln so‘mini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahrida tadbirkorlik sub’ekti rahbari bankdan ajratilgan 1,5 mlrd so‘mlik kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing