5,1 mlrd so‘mlik gaz talon-taroj qilingani aniqlandi

Jamiyat

image

Joriy yilning 3 yanvaridan 20 yanvariga qadar O‘zneftgazinspeksiya tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar doirasida 5,1 mlrd so‘mlik tabiiy va suyultirilgan gazlarni talon-taroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Xususan eng jiddiy huquqbuzarliklar Namangan va Jizzax viloyatlarida aniqlandi. “Mezbon” MCHJ va “Nafosat bekati” MCHJ korxonalariga tegishli umumiy ovqatlanish korxonalarida jami 306 mln so‘mlik 306 ming metr kub hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari aniqlandi.

Bundan tashqari, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida hech qanday ruxsatnomasiz, o‘zboshimchalik bilan ohak sexi tomonidan gaz tarmog‘iga ulanib gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi. Dastlabki xisob kitob bo‘yicha jami 330 mln so‘mlik 330 ming metr kub hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari aniqlandi. 

Yana bir nechta gaz ta’minoti tizimiga ruxsatsiz ulanish holatlari Toshkent viloyatining Toshkent va Qibray tumanlarida aniqlangan. 157 ming metr kub xajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy ravishda issiqhonalar va “Muhammad” MCHJ parrandachilik fermalaridan birida foydalanilgan. Umuman olganda viloyat hududida jami 690 mln so‘mlik 690 ming metr kub hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari aniqlandi. 

Qisqacha qilib aytganda Respublikada jami 4,3 mln metr kub hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari aniqlangan, bu esa o‘z navbatida jami 4,3 mlrd so‘mlik zarar keltirilganligini bildiradi.

Aholi uchun tarqatiladigan suyultirilgan gazlardan Andijon shahridagi “Andijon shahargaz” filialida 25 ming kg (54,3 million so‘m) miqdordagi suyultirilgan gazni hisobdan chiqarish holati aniqlandi. Bundan tashqari omborni tekshirish vaqtida ushbu filial xodimlari tomonidan 738 mln so‘mlik 2 390 ta maishiy gaz balonlarining yetishmasligi aniqlandi. 

Ushbu dalillarga qo‘shimcha ravishda, filial xodimlari aholidan suyultirilgan gaz uchun olingan mablag‘larni xizmat ko‘rsatuvchi bank kassasiga topshirmagan, shu bilan 80 mln so‘m qiymatidagi naqd pul mablag‘larini qisqartirib qo‘pol qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan.

Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan tadbirlar davomida 8 yanvar kuni huquqni muhofaza qilish idoralari bilan birgalikda inspeksiya tomonidan Andijon viloyati hududidan suyultirilgan gazni olib chiqishga urinishning oldi olindi.

24 mln so‘m qiymatidagi 10,2 tonna suyultirilgan gaz, davlat raqami 70 707 VAA gaz tashish avtomashinasida olib ketilayotganida aniqlandi. Ushbu yoqilg‘i “Shahrixon” gaz to‘ldirish stansiyasida noqonuniy tarzda yuklanganligi ma’lum bo‘ldi.

“Yuqorida ko‘rsatilgan aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan xujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi. Tabiiy va suyultirilgan gazdan to‘g‘ri hamda qonuniy foydalish chora-tadbirlari davom etmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

gaz talon-taroj

Baholaganlar

36

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing