48 jamoali Jahon chempionati to‘g‘ri tanlov – Arsen Venger

Sport

image

FIFA’ning global futbolni rivojlantirish bo‘yicha rahbari Arsen Venger Jahon chempionatining 48 ta jamoaga kengaytirilishini himoya qilib, bu turnir uchun “to‘g‘ri miqdor” ekanligini aytdi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.

“Menimcha, 48 ta jamoali Jahon chempionati bu to‘g‘ri tanlov. FIFA’ga a’zo bo‘lgan 211 davlat uchun bu 25 foizdan kam, ya’ni to‘rtta jamoadan bittasi hali ham ishtirok eta olmaydi”, deydi Venger.

Turnirga yaqinlashgan sari maydonlarning sifati va jamoalarning yuqori haroratga dosh berishi ham muhim savol bo‘lib qolmoqda. Vengerning aytishicha, FIFA AQSHda bo‘lib o‘tgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida bu borada ko‘p saboq olgan.

“Biz maydonlar sifati mukammal bo‘lishiga ishonchimiz komil, chunki musobaqadan oldin ikki oy davomida maydonda hech qanday o‘yin bo‘lmaydi. Qur’a tashlashdan keyin jamoalarni qanday himoya qilish bo‘yicha tajriba to‘pladik. 6 dekabr kuni o‘yinlar vaqti va joyi e’lon qilinadi, shuningdek, jamoalarni issiqlikdan himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ko‘rib chiqiladi”, deya qo‘shimcha qildi Venger.

Shuningdek, “Arsenal” jamoasi sobiq ustozi musobaqaning asosiy favoritini aytib o‘tdi.

“Angliya har doim g‘alaba qozonishga harakat qiladi. Ular bunga tayyor. Ammo Yevropada imkon qadar ob’ektiv bo‘lishga harakat qilaman. Fransiya esa super favorit va u dunyoning istalgan jamoasidan sifatli hujumchilarga ega jamoa”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Athletic” nashri 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etadigan eng yaxshi 100 futbolchi ro‘yxati e’lon qilgan va unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Citi” himoyachisi Abduqodir Husanov ham o‘rin olgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Arsen Venger

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing