-43 darajagacha sovuq: qozog‘istonliklar qahratonga qanday dosh beryapti? (fotoreportaj)
Olam
−
10 yanvar 2023
35245Anomal sovuq, odatdagidek kuchliroq kelgan qish nafaqat O‘zbekistonda, balki Qozog‘istonda ham kuzatilmoqda. Kecha mamlakatda kelgusi kunlarda havo harorati -40 darajaga tushishi aytilgan edi.
Bugun, 10 yanvardan boshlab Qozog‘istonda havoning keskin sovushi va kuchli qor yog‘ishi kuzatilmoqda, Ostona shahrida havoning -29° sovuq ekani aytilmoqda.
“Kazgidromet” xabari
9 yanvar kuni “Kazgidromed” Qozog‘iston Respublikasiga yaqinlashib kelayotgan havo massalari va ob-havo o‘zgarishlari haqida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Shimoldan kirib kelayotgan arktika havo massalariga to‘yingan antitsiklon mamlakat hududi bo‘ylab harakat qilib, janubiy hududlargacha yetib boradi. Janubiy va Janubi-sharqiy hududlarda kuchli qor yog‘ishi kutilmoqda.
Shuningdek:
• g‘arbda kechasi 27-35, kunduzi esa 15-25 daraja sovuq;
• janubda kechasi 12-23, kunduzi 5-15 daraja sovuq;
• shimoliy va shimoli-g‘arbiy hududlarda kechasi 20-30 dan 32-40 darajagacha, kunduzi 13-22 dan 27-35 darajagacha sovuq;
• markaziy hududlarda kechasi 35-40, kunduzi 15-26 darajagacha sovuq;
• sharqda kechasi 20-33 sovuqdan 30-43 darajagacha, kunduzi 15-23 darajadan 23-33 darajagacha sovuq;
• janubiy va janubi-g‘arbiy hududlarda havo harorati kechasi 10-20 darajadan 20-31 darajagacha, kunduzi 8-16 darajadan 12-23 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
Poytaxtdagi holat
9 yanvar kuni Ostona shahri hokimiyati shahar aholisiga murojaat bilan chiqdi. Unda ma’lum qilinishicha, shu kuni shahar yo‘llarida muzlash kuzatiladi, havo harorati 24-26 darajagacha sovuq bo‘lishi va shamol tezligi sekundiga 15-20 metrgacha yetishi ma’lum qilingan, shuningdek, 10 yanvar kuni 30-32 daraja, 11 yanvar kuni 33-35 daraja sovuq kutilayotgani ham qayd etilgan.
Xabarga ko‘ra, profilaktika va tozalash ishlariga 2 mingdan ortiq yo‘l ishchilari va 1,5 mingga yaqin maxsus texnika jalb etilgan.
Ta’lim olish jarayonlari ham masofaviy formatga o‘tkazilgan. Bugunga kelib, noqulay ob-havo sharoiti oqibatida Ostona aeroportida jami 19 ta reys kechiktirilgan. Aeroport matbuot xodimining “Tengrinews” nashriga ma’lum qilishicha, ayni paytda qo‘nish va uchish yo‘laklarining qordan tozalash ishlari amalga oshirilmoqda.
Olmaota
Olmaota shahri aholisi ham ma’muriyat tomonidan kechagi murojaatda yaqin ikki kunda ob-havoning yomonlashuvi va kuchli qor yog‘ishidan ogohlantirilgan, havo haroratining -25 darajagacha sovushi mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, piyodalar va haydovchilardan ko‘chada harakatlanoyatganda ehtiyot bo‘lishlari so‘ralgan. Bugun avtomobillar va jamoat transporti harakatini tiklash va osonlashtirish uchun tozalash ishlariga 10 ta pudratchi tashkiloti jalb qilingan bo‘lib, jami 969 ta maxsus texnika va 1370 nafar yo‘l ishchisi tozalashlarda qatnashayotgani aytildi.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ertalabgi xabariga ko‘ra, kuchli bo‘ron, yo‘llarning muzlashi, past havo harorati sababli respublika bo‘ylab 115 ta yo‘l uchastkasi yopilgan, shundan 39 tasi dizelda harakatlanuvchi va jamoat transportlari uchun davlat ahamiyatiga molik yo‘l uchastkalaridir.
Javohir Ergashev
LiveBarchasi