412 ta mansabdor ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Nima uchun?

Jamiyat

image

2022 yilda jami 412 ta mansabdor davlat xaridlarida raqobatga zid holatlarga yo‘l qo‘ygani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda bugun, 13 mart kuni Toshkentda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining xalqaro tashkilotlar hamkorligida o‘tkazgan “Davlat xaridlarini amalga oshirishda til biriktirish holatlariga qarshi kurashish” mavzusidagi davra suhbati davomida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan 2022 yil yakuni bo‘yicha davlat va korporativ byurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan 31 926 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borilgan. 

Shu jumladan, 2022 yilda jami amalga oshirilgan 91 016 ta elektron tanlov (tender)lardan 23 757 tasi (26,1%) qo‘mita tomonidan masofaviy o‘rganilgan.

“Tahlil natijalariga ko‘ra, davlat va korporativ byurtmachilar tomonidan 6 201 ta savdo jarayonida 8 698 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan. Shundan:

•  1 125 ta holatda ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik (sherikchilik);

•  313 ta holatda byurtmachi va ishtirokchi o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi;

•  6 728 ta holatda savdolar o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish;

•  42 ta holatda byurtmachilari tomonidan savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

•  58 ta holatda ishtirokchilarni asossiz ravishda chetlashtirish;

•  432 ta holatda savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish kabi qonunbuzilishlar aniqlangan”, deyiladi qo‘mitaning QALAMPIR.UZ’ga taqdim etgan xabarida.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlariga esa quyidagicha ta’sir choralari ko‘rilgan:

•  5 507 ta qonun buzilishi holatlari bo‘yicha huquqiy baho berish uchun huquq tartibot va boshqa organlariga ma’lumotnomalar kiritilgan;

•  235 ta qonun buzilishi holatlari byurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan;

2 956 ta holat bo‘yicha Qo‘mita tomonidan 620 ta ish qo‘zg‘atilib, 530 ta ko‘rsatmalar berilgan hamda 412 ta mansabdor ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, qo‘mita o‘z vakolat doirasida davlat xaridlari ijrochilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni doimiy monitoring qilish orqali xaridlar jarayonida raqobatga ta’sir etuvchi omillar bartaraf etib kelinayotganini qo‘shimcha qilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

davlat xaridlari raqobatni rivojlantirish tanish-bilishchilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing