300 milliard so‘m sarflangan saylov qanday o‘tmoqda? (fotoreportaj)
Jamiyat
−
24 Oktabr 2021
7746Bugun, 24 oktyabr kuni O‘zbekistonda muhim siyosiy jarayon – Prezidet saylovi bo‘lib o‘tmoqda. Soat 8:00 dan boshlab saylash huquqiga ega 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari mamlakat rahbarini saylash uchun ovoz bermoqda.
O‘zbekistonda ilk bor bunday muhim siyosiy jarayon pandemiya davriga to‘g‘ri keldi. Shu sababli saylov uchastkalariga kirishda saylovchining harorati o‘lchanib, qo‘llari antiseptik bilan zararsizlantirilyapti. Shuningdek, niqobi yo‘q fuqarolarga "maska" ham tarqatilyapti.
Markaziy Saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, bu galgi prezident saylovida 10 761 ta saylov uchastkasi tashkil etilib, 21,2 million saylovchi ro‘yxatga olingan. Ularning bir millionga yaqini bu yil saylash huquqidan ilk bor foydalanadi. Soat 15:00 holatiga ko‘ra, saylovchilarning 12 748 549 nafari (64,2 foizi) o‘z ovozini berib bo‘ldi.
Shuningdek, 14-20 oktyabr kunlari saylash huquqiga ega o‘zbekistonliklar uchun muddatidan ilgari ovoz berish imkoniyati ham berildi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, jami 421 618 nafar o‘zbekistonlik bu galgi prezident saylovida muddatidan ilgari ovoz bergan. Ulardan 120 mingdan oshig‘i xorijdagi o‘zbekistonliklar hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Saylovchilarni birinchilardan bo‘lib qarshi olayotgan sanitariya xodimlari
Saylov kampaniyasiga joriy yilning 23 iyul kuni start berilgan. Nomzodlarning saylovoldi targ‘iboti esa 20 sentyabr kuni boshlangandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasiga 300 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan. Bu haqda “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Saylovchilar ovoz berish navbatda turibdi. Uchastkalarda masofani saqlash uchun belgilar o‘rnatilgan.
MSK axborotiga ko‘ra, ushbu mablag‘lar quyidagicha taqsimlangan:
• okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini tashkil etish uchun umumiy mablag‘ning 89 foiz miqdorida yoki 267,6 mlrd so‘m;
• beshta siyosiy partiyalarning saylovda ishtirokini moliyalashtirish uchun 5 foiz miqdorida yoki 15,5 mlrd so‘m, har bir siyosiy partiya uchun 3,1 mlrd so‘mdan;
• Markaziy saylov komissiyasi tomonidan markazlashgan tartibda amalga oshiriladigan xarajatlar uchun 4 foiz miqdorida yoki 10,5 mlrd so‘m;
• boshqa davlat organlari tomonidan saylov jarayonida amalga oshiriladigan tadbirlar xarajatlariga 2 foiz miqdorida yoki 6,4 mlrd so‘m.
O‘z navbatida, prezidentlikka nomzodlar ham saylovda ishtirok etib, o‘zlari munosib, deb topgan nomzodga ovoz berdi. Jumladan, Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumani Alisher Navoiy mahallasidagi 59-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berish jarayonida ishtirok etdi. Mirziyoyevning 9 nafar oila a’zosi ham saylov uchastkasida bo‘ldi va ulardan saylov huquqiga egalar ovoz berdi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka ko‘rsatilgan Alisher Qodirov turmush o‘rtog‘i bilan Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi 116-saylov uchastkasida ovoz berdi.
Pandemiya davrida o‘tayotgan saylov
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov ham saylovda o‘z ovozini berdi. U oilasi bilan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi 405-saylov uchastkasida tashkil etilgan saylov uchastkasiga tashrif buyurdi.
Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov ham saylovda o‘z ovozini berdi. U oilasi bilan Toshkent shahrining Yangi Hayot tumanidagi 539-saylov uchastkasiga tashrif buyurdi.
Xalq demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisova ham saylovda ovozini berdi. U poytaxtning Uchtepa tumanidagi 116-maktabda tashkil etilgan saylov uchastkasiga tashrif buyurdi.
Eslatib o‘tamiz, saylov kechki soat 20:00 gacha davom etadi. Saylovchilar O‘zbekistonda mavjud 5 ta partiya tomonidan ko‘rsatilgan 5 nafar nomzoddan biriga ovoz berish huquqiga ega.