30 kishilik dafn marosimi. Qirollik Shahzoda Filippni so‘nggi manzilga qanday kuzatadi?

Tahlil

image
0:00
0:00
download

Kecha, 9 aprel kuni Vindzor qasrida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolichasi Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i Filipp 99 yoshida vafot etdi. Ayni vaqtda nafaqat Qirollik oilasi, balki butun mamlakat qayg‘uda. Allaqachon, davlat bayrog‘i flagshtokdan tushirilgan.

Aslida bunday favqulotda holatlar uchun Buyuk Britaniyada oldindan tayyorgarlik va reja mavjud bo‘ladi. Biroq, pandemiya tufayli mamlakatda koronavirusning tarqalishiga qarshi o‘rnatilgan choralar hali ham kuchda. Bu esa Hukumat uchun shahzoda Filipp bilan hayrlashuv marosimini tashkillashtirishda qiyinchilik tug‘dirishi aniq. Xo‘sh, Britaniya Qirollik oilasida dafn marosimi qanday o‘tishi kutilmoqda?

Yuqorida qayd etilganidek, Buyuk Britaniyada bunday favqulodda vaziyatlar uchun alohida reja tuziladi. Shahzoda Filippning o‘limi ham bundan mustasno emas. Bukingem saroyida shahzoda vafoti uchun tayyorlangan reja Edinburgdagi ko‘prik singari “Fort Bridj” nomini olgan. 

Shahzoda Filippning dafn marosimi malika Diananiki kabi Hukumat tomonidan yuqori darajada, Qirollik oilasiga mos ravishda o‘tkazilishi mumkin edi. Biroq, 2013 yilda Filippning o‘zi bunday hashamatdan voz kechgan. Edinburg gersogi bunday shov-shuv va dabdabali vidolashuv marosimini tashkil etishda rasmiylarning bir qator qiyinchiliklardan o‘tishini istamasligini ma’lum qilgan.

“The Times” gazetasining taxmin qilishicha, dafn marosimiga qadar jasad Sent-Jeyms saroyidagi Qirollik cherkovida saqlanadi. Tobut oila a’zolaridan tashqari, hamma uchun yopiq bo‘ladi.

Foto: Sent-Jeyms saroyidagi Qirollik cherkovi

Vidolashuv marosimi qanday kechadi va shahzoda qayerga dafn etiladi?

“The Independent” nashrining yozishicha, shahzoda Filippni dafn etish marosimi Vindzor qasridagi muqaddas Georgiy cherkovida bo‘lib o‘tadi. Ushbu cherkovda 2018 yil may oyida gersog Filippning nabirasi shahzoda Garri va Megan Marklning to‘yi bo‘lib o‘tgandi.

“Business Insider”ga ko‘ra, dafn marosimi kamtarona ruhda o‘tkaziladi. Shahzodaning vafotidan oldin ma’lum qilgan iltimosiga binoan, ushbu marosimga faqat oila a’zolari, do‘stlari va Hamdo‘stlik mamlakatlaridan davlat rahbarlari taklif qilinadi. 

Foto: Bukingem saroyining old qismi

BBC’ning yozishicha, koronavirus cheklovlari mehmonlar soniga ham ta’sir qiladi. Hozir Britaniyada dafn marosimiga 30 kishiga qadar ruxsat berilmoqda. Xuddi shu sababga ko‘ra, Bukingem saroyi atrofida odamlar to‘plana boshlagach, shahzodaning vafoti borasidagi darvozaga ilib qo‘yilgan an’anaviy belgi olib tashlandi.

“The Independent” nashrining yozishicha, shahzoda Filipp Vindzor qal’asi hududidagi Frogmor bog‘larida dafn etilishini so‘ragan. Ushbu bog‘ga 1837-1901 yillarda hukmronlik qilgan Buyuk Britaniyaning sobiq Qirolichasi Viktoriya dafn etilgan. 

Foto: Frogmor bog‘i

Shahzoda Filippning o‘limi Buyuk Britaniya hayotiga qanday ta’sir qiladi?

Hurmat belgisi sifatida Buyuk Britaniya va Hamdo‘stlik davlatlari bo‘ylab davlat bayroqlari tushiriladi. Bu qarorgohdagi qirollik me’yorlariga ta’sir qilmaydi va bayroqlar tushirilmaydi. Chunki ular monarxiyaning davomiyligini ramziy ma’noda anglatadi va faqat qirol yoki qirolicha vafot etgan taqdirda tushuriladi.

Buyuk Britaniya Parlamenti a’zolari qora galstuk yoki qora qo‘lbog‘ich bog‘lab oladi.

Qirolicha Yelizaveta II rasmiy sakkiz kunlik motam kuniga kiradi. Bu vaqt davomida Qirolicha qonunlarni ma’qullamaydi va davlat ishlarida qatnashmaydi. Motamning yana bir davri 30 kun davom etadi. Faqat ushbu muddatdan so‘ng, Qirolicha o‘z davlat majburiyatlariga to‘liq qaytishi mumkin bo‘ladi.

Tarixda Britaniya Qirolichalari uzoqroq motam tutgan holatlar ham bo‘lgan. Masalan, Qirolicha Viktoriya umr yo‘ldoshi vafot etganida 40 yil hech narsaga aralashmay, tanho hayot kechirgan.

2017 yil mart oyida “The Guardian” Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II vafot etgan taqdirda hokimiyat uchun harakatlar rejasini e’lon qilgandi. Nashrga ko‘ra, Qirolicha hayotining so‘nggi soatlarini shifokorlar va qarindoshlar bilan o‘tkazadi. Shahzoda Charlz esa qirol bo‘ladi. O‘lim haqida “London ko‘prigi qulab tushdi” kodi yordamida xabar berish qayd etilgan


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

234

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing