3 viloyat va Toshkent shahrida Tojikistondan keltirilgan narkotik moddalar aniqlandi (video)
3-sahifa
−
09 noyabr
3536Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida Tojikiston Respublikasidan keltirilgan narkotik moddalar savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1996 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan shaxsning vaqtinchalik yashash manzilidan 1 kg 995 gr “geroin” moddasi, 143 gr “Mefedron” hamda 3 litr suyuq “Mefedron” sintetik narkotik, qadoqlash vositalari, elektron tarozi va boshqa uskunalar topilgan. Shuningdek, mazkur shaxs tomonidan mijozlarga sotish maqsadida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi xufiya joylarga yashirib ketilgan 6 ta “zakladka”lardan jami 1 kg 296 gr “Mefedron” ham olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvandlik vositalari qozog‘istonlik va tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga yetkazib berilgan.
Boshqa holatda esa “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia rusumli avtomashina Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsga tegishli 1 kg 641 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida u narkotik moddani Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangani uchun sudlangan fuqarodan 10 ming AQSH dollariga sotib olgani aniqlanib, u ham ushlangan.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida kuzatilgan holatda esa, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1960 yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan keltirilgan 901 gr “opiy” moddasini 8 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtotransport vositasi Ko‘kdala tumanidagi “Umakay” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, mashinaning orqa o‘rindig‘i ostiga Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 265 gr “opiy” va 1 kg “gashish” giyohvandlik vositalari yashirib qo‘yilgani aniqlangan.
Xorazm viloyatida olib borilgan tezkor tadbirlarda Tojikistondan olib kelingan giyohvandlik vositalarining viloyat hududida sotilishiga chek qo‘yilgan. Jumladan, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1964 yilda tug‘ilgan muqaddam giyohvandlik vositalari sotgani uchun 2 marotaba sudlangan shaxs Urganch shahrida ushlanib, uning qo‘l sumkasida bo‘lgan 989 gr “opiy” moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan. Boshqa holatda esa “Surxondaryo-Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt avtotransport vositasi Tuproqqal’a tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Denov tumanida yashovchi, 1957 yilda tug‘ilgan fuqaro hamda uning 1990 yilda tug‘ilgan kelinidan 993 gr “gashish” moddasi olingan.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tojikistonlik fuqarodan narkotik moddaning har bir kilogrammini 6500 AQSH dollariga sotib olib, Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirgan shaxs qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi