3 nafar o‘zbekistonlik kondagi yong‘in qurboni bo‘ldi
Olam
−
09 dekabr 2019
4297Rossiyaning Yamalo-Nenetsk avtonom okrugi Tazov tumanida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi FVVning Sverdlov viloyatidagi vakolatxonasiga tayanib ma’lum qildi.
Kecha, 8 dekabr kuni ertalab soat 6:45 da Tazov tumanidagi Pyakyaxin konida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi A.E., E.D. va A.S. vafot yetdi. Yana bir o‘zbekistonlik T.A. kuyib shifoxonaga joylashtirildi.
Ayni paytda tegishli organlar tomonidan tergov tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumlarning jasadlarini Vatanga yuborish bilan bog‘lik konsullik-huquqiy, tashkiliy va boshqa masalalar bilan shug‘ullanmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etgan hamda Rossiyaning Ural federal okrugi (Kurgan oblasti, Sverdlovsk oblasti, Tyumen oblasti, Chelyabinsk oblasti, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi – Yugra, Yamal-Nenetsk avtonom okrugi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur holatlarda mamlakatning Yekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +7 343 276 31 66, +7 343 272 31 33.