Joyida kesib nuqta qo‘ymasak, yana avj olib ketishi mumkin – Shermatov
Jamiyat
−
19 aprel 2020
10199Karantin paytida o‘qituvchilarni kasbiy faoliyatidan tashqari bo‘lgan ishlarga majburan jalb qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda qat’iy ta’kidladi.
Bahodir Ahmedov, jurnalist: — Bizda ma’lum davr mobaynida o‘qituvchilar yaxshi qadrlanmadi. Ular kasbiy faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan ko‘plab ishlarga jalb etildi. Eski davr inersiyasi ta’sirida shu kunlarda ham bunday talablar qo‘yilayotgani haqida murojaatlar bo‘lmoqda. Tomorqasiga ekin ekkani rasmi, maktab hududida o‘t o‘rish uchun odam yollashga pul berish va hokazo. Bunday holatlarga vazir sifatida nima deb munosabat bildirasiz?
Xushnud Xudoyberdiyev, bloger: — Qisqagina izoh bermoqchiman. O‘qituvchilar ayrim joylarda o‘zining tomorqasini emas, mahallalardagi tomorqalarni ham uyma-uy yurib nazorat qilishi kerakligi bo‘yicha shikoyatlar kelmoqda.
Sherzod Shermatov, vazir: — 3907-sonli Prezident qarorida aniq aytib o‘tilgan. Birorta xalq ta’limi tizimi xodimlari o‘zining mehnat majburiyatidan tashqari bo‘lgan ishga jalb etilishi mumkin emasligi belgilab o‘tilgan. Buni nazorat qilish Bosh prokuratura bilan mehnat inspeksiyalariga yuklatilgan. Bunday holatlarni oldini olishda OAV ham oxirgi 1-2 yil ichida juda katta yordam bermoqda.
Umumiy gap emas, konkret holatlar bo‘lsa, oxirigacha olib borib, chorasini ko‘ramiz. Masalan, anonim murojaat kelib tushadi va joyiga borganimizda holat tasdiqlanmaydi. Shunga o‘xshash holat bo‘lganidan keyin qonun doirasida chora ko‘ra olmaymiz-da. Karantin qoidasini buzma deb aytsa ham, minglab fuqarolar qonunni buzish holatlari kuzatilmoqda-ku. Shunga o‘xshab, qaysidir inson o‘zini tashabbuskorligini ko‘rsatish uchun ham shunday qilayotgan holatlar bor. Joyida kesib nuqta qo‘ymasak, yana avj olib ketishi mumkin.
O‘qituvchilarni ommaviy tarzda qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etilishi holatlari tarixda qoldi-ku. Qandaydir holatlarga vaqtida chora ko‘rilmasa, eski holatga qaytib kelishimiz mumkin. Lekin davlatimiz, Prezidentimiz siyosatiga ko‘ra, o‘qituvchiga ortiqcha ish buyurish mumkin emasligini joylardagi viloyat hokimlari ham, boshqa amaldorlar ham biladi. Ammo qayerdadir, kimdir tashabbuskorlik qilgan bo‘lsa, buni umumiy gap qilmay oxirigacha olib borish kerak. Masalan, jurnalistik surishtiruv qilish mumkin. Biz ham kerak bo‘lsa nazoratga olaylik, prokuraturadan iltimos qilaylik, jinoiy javobgarlikka tortishsin.
Hozirgi karantin vaqtida o‘qituvchini birovning tomorqasini nazorat qilishga hech kim topshiriq berishga haqqi yo‘q. Bunday holatni oxirigacha olib borish kerak.
Eslatib o‘tamiz, 16 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Unga ko‘ra, tomorqaga o‘z tanlovi asosida biron-bir qishloq xo‘jalik ekini ekmagan fuqarolar, avval ogohlantiriladi. Keyin bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.
LiveBarchasi