2030 yilda “yashil” energiya ulushi 50 foizga yetkaziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2030 yilga borib jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Uzoq muddatda atom enegriyasi bazaviy manbalardan biriga aylanishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda bugun, 27 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan atom energetikasi loyihasi ko‘rib chiqilishi chog‘ida so‘z bordi.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Uni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish hamda “yo‘l xaritasi” tayyorlash maqsadida ishchi guruhlarning uchrashuvlari o‘tkazilgan.

Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi ishlab chiqilgan.

“Bo‘lajak stansiya qurilishining har bir bosqichi – loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘ladi, jahonning eng ilg‘or tajribalari va xavfsizlik talablari tatbiq etiladi”, deyildi yig‘ilishda.

Yig‘ilishda mutasaddilar loyihaning borishi, hamkorlar bilan muzokaralar yuzasidan axborot bergan. Ruxsatnomalar olish va moliyalashtirish masalalari, shuningdek, katta quvvatli atom elektr stansiyasining texnik-iqtisodiy jihatlari hamda uni barpo etish rejalari ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumot uchun, 2024 yil may oyida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida O‘zbekistonda kichik AES qurish bo‘yicha shartnoma imzolangandi. Stansiya Rossiyaning RITM-200N reaktori asosida barpo etiladi (quvvati – 55 MVt, xizmat muddati – 60 yilgacha).

Dastlabki reaktor besh yil ichida ishga tushirilishi, keyingilari esa olti oylik interval bilan foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. AES to‘liq loyihaviy quvvatga 2033 yildan oldin chiqishi kutilmayapti.

O‘zbekiston AES qurish uchun xalqaro konsorsium tuzishni rejalashtirib, Rossiya, Xitoy va Yevropa texnologiyalarini jalb etishni ko‘zlamoqda. Bundan tashqari, turbinalar, generatorlar va sovutish inshootlari uchun xalqaro kompaniyalarning uskunalarini jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev O‘zbekistonda qurilayotgan kichik atom elektr stansiyasining qiymati 2 milliard dollardan kam bo‘lishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing