2025 yilda O‘zbekistonda necha kishi ish bilan ta’minlangani aytildi
Jamiyat
−
29 avgust 2025 5175 1 daqiqa
Joriy yilning boshidan shu kunga qadar 5 million aholining bandligi ta’minlandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 29 avgust kuni Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘tayotgan mamlakat mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida ma’lum qildi.
Mirziyoyev mamlakatda minglab zamonaviy korxonalar, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilma ob’ektlari qad rostlayotganini aytdi. Prezidentga ko‘ra, bu yil jami 35 milliard dollar investitsiya evaziga 9 mingga yaqin yangi korxona, xizmat ko‘rsatish majmualari barpo etilishi rejalashtirilgan. Mustaqillik bayrami arafasida esa 4 milliard dollarlik 79 ta yirik ob’ekt ishga tushirilgan.
Davlat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan davrda birgina kichik va o‘rta tadbirkorlar soni 2 karra ko‘paygan. Ayni paytda ushbu tarmoqda 10 milliondan ortiq aholi mehnat qilib, daromad topmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yil boshida 5,5 million aholi bandligini ta’minlash rejalashtirilgan, ammo yilning sakkiz oydayoq 5 millionlik reja uddalangan.
Qolaversa, shu yilning o‘zida mamlakatda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chetda ishlayotgan 700 ming fuqaro O‘zbekistonga qaytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 6,8 foizni tashkil qilgani haqida xabar berilgan edi. Birinchi yarim yillikning o‘zida 3 milliondan ziyod aholi daromadli mehnatga jalb qilingan.