2024 yilda Rossiyaga borgan o‘zbekistonliklar soni ochiqlandi
Olam
−
20 iyun 6911 2 daqiqa
Rossiyaga 2024 yilda taxminan 6,3 million migrant borgan bo‘lib, ularning qariyb 1,5 millionini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi. Bu haqda kecha, 19 iyun kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligining migratsiya masalalari bo‘yicha Bosh boshqarmasi rahbari Valentina Kazakova Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi chiqishida ma’lum qildi.
“Biz pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarga qaytdik. 2024 yilda mamlakatga taxminan 6,3 million xorijiy fuqarolar kelmoqda. Ularning taxminan 50 foizi mehnat faoliyati maqsadida kelmoqda”, deydi u.
Xorijiy fuqarolarning asosiy qismini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi (23,3%), ulardan keyingi o‘rinlarda Tojikiston (16,7%), Qirg‘iziston (10,4%) va Belarus (9,5%) fuqarolari turadi.
Shu bilan birga, Rossiya statistika xizmati (Rosstat) 2024 yilda mamlakatdagi migratsion o‘sish 568,5 ming kishini tashkil qilganini aniqladi, ya’ni 4 mln 81 ming kishi mamlakatga kirgan, 3 mln 513 ming kishi chiqqan. Unga ko‘ra, Tojikistondan 128 ming, O‘zbekistondan 107 ming, Qirg‘izistondan esa 105 ming kishi kelgan. Bu 2023 yilga nisbatan migratsion o‘sish 2,8 baravarga ko‘payganini anglatadi.
Bungacha Ichki ishlar vazirligi Rossiyada 638 mingdan ortiq migrant bolalar borligini ma’lum qilgan. Vazir o‘rinbosari Igor Zubovning so‘zlariga ko‘ra, Moskvada 80 282 nafar voyaga yetmagan xorijlik istiqomat qiladi, ularning atigi 25 ming nafari maktabda o‘qimoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin xalqaro axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda Rossiya va O‘zbekiston mehnat migratsiyasi bo‘yicha yaqin hamkorlikda ishlashga kelishib olganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi