Rossiya va O‘zbekiston migratsiyasi masalasini birgalikda hal qiladi – Putin
Olam
−
19 iyun 8134 2 daqiqa
Rossiya va O‘zbekiston mehnat migratsiyasi bo‘yicha yaqin hamkorlikda ishlashga kelishib olgan. Bu haqda kecha, 18 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin TASS dunyoning yetakchi axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Biz ijtimoiy xarakterdagi masalalar va mehnat bozori holatidan xabardormiz. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich bilan bu masalalarni birgalikda hal qilishga kelishib oldik. Chunki mehnat bozori bizda qanday holatda ekani ma’lum. Sizlarda (O‘zbekistonda) esa ma’lum bosim mavjud. Lekin nima qilish kerakligini birgalikda belgiladik – Rossiyada ishlashni xohlovchi insonlarni avvaldan tayyorlash”, dedi Putin.
Uning ta’kidlashicha, bu borada, ayniqsa, yoshlarga e’tibor qaratish muhim. Shuning uchun bugungi kunda Rossiya va O‘zbekiston yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Qayd etish joiz, oldinroq Rossiya Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan IX Mehnat forumida Rossiyada 2024 yil yakuniga ko‘ra 6,3 million nafar chet ellik fuqarolar yashayotganini, ulardan 1,4 million nafari o‘zbekistonliklar ekanini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Vitaliy Yakovlev Turkmaniston poytaxti Ashxobodda o‘tkazilgan “Tinchlik, barqaror rivojlanish va migratsiya” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Rossiyada migrantlar orasida eng ko‘p jinoyatlarni o‘zbekistonliklar sodir etayotganini aytgan edi. Uning aytishicha, joriy yilning birinchi choragida Rossiyada xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 35,5 foizi O‘zbekiston fuqarolariga to‘g‘ri keladi.
Live
Barchasi