2024 yil urush hududida yashayotgan bolalar uchun tarixdagi eng og‘ir yil bo‘ldi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 4 iyun kunini “Tajovuz qurboni bo‘lgan begunoh bolalar kuni” deb e’lon qildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu sana 1982 yilda Falastin va Livandagi isroilliklar hujumidan jabrlangan bolalarni yodga olish uchun belgilangan.

UNICEF’ning 2024 yilning dekabr oyida chop etilgan hisobotiga ko‘ra, hozirgi kunda urush hududlarining soni Ikkinchi jahon urushidan beri eng yuqori darajaga yetgan.

Taxminan 473 million bola ya’ni dunyo bo‘yicha har besh bolaning biri zo‘ravonlik hukm surayotgan hududlarda yashamoqda. UNICEF bu yilni “bolalar uchun eng og‘ir yillardan biri” deb atagan.

Humanium tashkiloti hisobotida G‘azo sektori “yer yuzidagi eng xavfli joy” deb atalgan. 2024 yil davomida u yerda 11 ming 300 dan ortiq bola halok bo‘lgan, ulardan 30 foizi 5 yoshga to‘lmagan bolalar bo‘lib, 710 nafar chaqaloq hali bir yoshga ham yetmagan.

Humanium va Save the Children tashkilotlari Isroilning G‘azoga qarshi hujumlari, blokada, ochlik va dori-darmon tanqisligi bolalarning nafaqat hayotiga, balki ruhiy holatiga ham katta zarar yetkazayotganini ta’kidlagan. UNICEF vakili Jeyms Elder G‘azoni “millionlab bolalar uchun yer yuzidagi jahannam” deb atagan.

BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam agentligi (UNRWA) faoliyatining qisqarishi G‘azodagi gumanitar inqirozni kuchaytirgan. Isroilning Livanga uyushtirgan hujumlari ham bolalar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. 2024 yil dekabr holatiga ko‘ra, Livanda 231 bola halok bo‘lgan, 1300 dan ortig‘i jarohat olgan.

Sudanda 2023 yil aprelidan beri davom etayotgan fuqarolar urushi yuzlab bolalarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. UNICEF ma’lumotiga ko‘ra, urush boshida kamida 190 bola vafot etgan.

Afrikadagi Sahel mintaqasida bolalar zo‘ravonlik, ochlik va ta’limdan mahrumlikdan aziyat chekmoqda. Burkina-Fasoda 7 800 dan ortiq maktab yopilgan, 1,4 million bola ta’lim olish imkonidan mahrum bo‘lgan.

Yamanda 600 mingdan ortiq bola 5 yoshgacha bo‘lganlar orasida o‘ta darajada oziqlanish tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Gaitida esa 2024 yil davomida bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik hollari oshgan.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash muammolari

Hozirgi vaqtda 52 milliondan ortiq bola ta’lim olish imkonidan mahrum. Sog‘liqni saqlash tizimi ham jiddiy zarar ko‘rmoqda – dunyo bo‘yicha emlanmagan bolalarning 40 foizi urush bo‘layotgan mamlakatlarda yashaydi. Bu ularni qizamiq va poliomiyelit kabi kasalliklarga qarshi himoyasiz qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyo bo‘yicha har o‘ninchi, ya’ni 160 million nafar bola majburiy mehnatga jalb etilgani va ulardan deyarli yarmi qurolli mojarolardan zarar ko‘rgan mamlakatlarda yashashi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

bolalar Falastin Livan Birlashgan Millatlar Tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing