2024 yil Xitoy aholisi 1,39 million kishiga kamaydi
Olam
−
17 yanvar
26932024 yilda Xitoy aholisi 1,39 million kishiga kamayib, 1 mlrd 408 mln kishini tashkil qildi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat statistika boshqarmasi xabar berdi.
Hisobotga ko‘ra, yil davomida mamlakatda 9,54 million bola tug‘ilgan, 10,93 million kishi vafot etgan. Tug‘ilish koeffitsiyenti har ming kishiga 6,77 ni, o‘lim koeffitsiyenti esa 7,76 ni tashkil qilgan.
Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, erkaklar soni 719,09 million (0,1 foizga kamaygan). Ayollar soni esa deyarli o‘zgarmasdan 689,19 millionni tashkil qilgan. Mehnatga layoqatli (16-59 yosh) aholi 60,9 foiz yoki 857,98 million kishi. Bu 2023 yilga nisbatan 0,4 foiz punktga kam. 65 yoshdan oshgan fuqarolar soni esa 220,23 million kishiga yetib, 1,6 foizga o‘sgan.
Shuningdek, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Xitoyda shahar aholisi 1,1 foizga o‘sib, 943,5 million kishiga yetgan. Qishloq aholi soni esa 2,5 foizga kamayib, 464,78 million kishini tashkil qilgan.
Ma’lumot uchun, Xitoy aholisi 60 yil ichida birinchi marta 2022 yilda kamayishni boshlagan. O‘sha yili aholi soni 850 ming kishiga, 2023 yilda esa yana 2,08 million kishiga kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda aholi sonining qisqarishi fonida rasmiylar ayollardan farzand ko‘rishni rejalashtirishni so‘ray boshlagani xabar qilingandi. Xususan, hozirgi kunda Xitoy hukumati “yangi tug‘ilish madaniyati”ni ilgari surmoqda. Chunki mamlakatda hozirgi avlod kamroq farzand ko‘rishni xohlayotgani kuzatilmoqda. Xususan, 500 ming kishilik aholisi bo‘lgan Pekinning Miyun tumanida mahalliy rasmiylar oilani rejalashtirish uchun maxsus tashviqot guruhini tashkil qilgan. Bu guruh mos yoshdagi juftliklarning yarmidan ko‘pi bilan kamida olti marta bog‘langan.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar