Oltin rekord darajada qimmatlashi bashorat qilindi. Bunga sabab nima?

Bu qiziq

image

Kecha, 5 mart kuni dunyo bo‘ylab oltin narxi rekord darajada ko‘tarilib, bir unsiya qimmatbaho metall (taqriban 28 gramm, troy unsiya 31 gramm) qiymati 2100 AQSH dollaridan oshib ketdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

Agentlikning yozishicha, oltin narxining ko‘tarilishiga iyun oyida AQSHda asosiy foiz stavkasining pasayishi va Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli xavfsiz boshpanaga talabning ortishi sabab bo‘lgan. Oltin kecha soat 14:13 holatiga ko‘ra 0,8 foizga qimmatlagan va bir unsiyasi 2 132 dollarni tashkil qilgan. Undan biroz avvalroq esa oltin bahosi 2 141 dollarga yetgan edi.

TD Securities’ning (Kanada investitsiya banki va moliyaviy xizmatlar provayderi) Tovar strategiyalari bo‘limi boshlig‘i Bart Melek vaziyatni izohlarkan, joriy yilda oltinning bahosi oshib borishini aytdi:

"Bu yerda asosiy sabab shundaki, biz Federal fond bozori stavkasining (5.50) pasayishi uzoq kelajakda emas, balki yaqin vaqt oralig‘ida kuzatilishiga yanada amin bo‘lyapmiz. Bozor oltin narxi ko‘tarilishiga ko‘proq ishonch hosil qilishi kerak, oxir-oqibat ikkinchi chorakda oltin 2300 dollardan oshishi mumkin, deb o‘ylaymiz. Siyosiy va moliyaviy beqarorlik davrida, ko‘pincha, oltin boylikni saqlashning eng yaxshi yo‘li sifatida ko‘riladi. Isroil-HAMAS urushi boshlanganidan beri tilla narxi 300 dollardan oshdi", deydi Bart Melek.

O‘zbekistonda ham mos ravishda oltin narxi oshgan. Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan ma’lumotda uch kunlik ketma-ket ko‘tarilishdan so‘ng, 6 mart kuni 5 grammlik oltin quymalar bahosi 4 mln 426 ming so‘mni tashkil etdi (5 mart kuni 4 mln 347 ming so‘m, 4 mart kuni 4 mln 284 ming so‘m). Fevralning 6 sanasida esa oltin quymalar 4 mln 173 ming so‘m, o‘tgan yilning 6 yanvar kuni 4 mln 202 ming so‘m bo‘lgan edi. 

Yanvar oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro oltin zaxiralari 24 632,2 mln dollarni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2023 yilning dekabr oyida 23 725,9 mln dollar bo‘lgan edi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda O‘zbekiston rekord darajada – 8,1 milliard dollarlik oltin eksport qilib, yil oxirida oltin sotish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallagan edi. Mamlakat 2022 yilda 4,1 milliard dollarlik, 2021 yilda ham 4,1 milliard dollarlik oltin sotgan.


Maqola muallifi

Teglar

#oltin #zaxira #moliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing