2023 yildan ko‘p qavatli uy qurishda yangi talab qo‘yiladi

Jamiyat

image

2023 yil 1 yanvardan yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarni chiqindi to‘plash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish hamda foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.

Farmonga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari – sanitar tozalash korxonalaridan (davlat unitar korxonalari bundan mustasno) undiriladigan quyidagi majburiy to‘lovlar bekor qilinadi:

•    Sanitar tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasiga sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun undiriladigan to‘lovlardan 5 foiz miqdoridagi ajratmalar;
•    sanitar tozalash xizmatlarini tashkil etish markazlariga sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun undiriladigan to‘lovlardan 5 foiz miqdoridagi ajratmalar.

2026 yil 1 yanvargacha asosiy faoliyati chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash hisoblangan tadbirkorlik sub’ektlari uchun ushbu faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari) va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida qo‘llaniladi.

Qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan davlat korxonalari hisobidagi maxsus avtotransportlar va texnikalarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sherikka berish muddati 7 yildan 10 yilga hamda bir yillik imtiyozli davr bilan uzaytiriladi. 

Kichik tadbirkorlik sub’ektlari bo‘lgan sanitar tozalash korxonalariga:

•    investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida banklarning milliy valyutada ajratiladigan kreditlari bo‘yicha 50 foizgacha (50 foiz ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafilliklar;
•    2024 yil 1 yanvargacha investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida banklarning milliy valyutada ajratiladigan, umumiy qiymati 5 milliard so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kreditlari bo‘yicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha “2+1” tamoyili asosida kompensatsiyalar taqdim etiladi.

Farmonga ko‘ra, ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlariga Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan yuritiladigan “Yashil makon” va boshqa platformalardan foydalanish imkoniyati yaratiladi. 

Shuningdek, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlariga mahallalarda ekologik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha quyidagi vazifa va vakolatlarni berish orqali “Ekologik patrul” ishlash tizimi kengaytiriladi:

•    mahallalarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishga doir huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shuningdek, brakonerlikka qarshi kurashish;
•    ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishga doir huquqbuzarliklar hamda brakonerlikka qarshi kurashish bo‘yicha bevosita ma’muriy javobgarlikka tortish va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish.

Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik holatlarini aniqlashi va zarur choralar ko‘rishi natijalariga ko‘ra pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.

Ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlari, Patrul-post xizmati xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘larning 30 foizi miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

2023 yil 1 yanvargacha aholini uning qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi haqida foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni yuritish billing tizimi orqali xabardor qilish tizimi joriy etiladi.

2023 yil 1 yanvardan yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarni chiqindi to‘plash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish hamda foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

2022 yil 1 oktyabrgacha aholiga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlarni barcha mavjud to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

2022 yil 1 noyabrgacha qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi va “Xorijga chiqish pasporti” axborot tizimi bilan integratsiya qilinishi ta’minlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

chiqindi

Baholaganlar

64

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing