2023 yilda “prava”si olib qo‘yilganlar sodir qilgan YTHda 212 kishi halok bo‘ldi
3-sahifa
−
21 avgust
2810O‘zbekistonda 2023 yilda mashina boshqarish huquqidan mahrum etilib, ruxsatnomasi bo‘lmagan holda yana qaytadan rulga o‘tirgan shaxslar tomonidan 707 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 6 oyi davomida respublikadagi umumiy YTHlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim bilan bog‘liq hodisalar 1,1 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 9,2 foizga kamaygan. Biroq YTHlar va ular oqibatida halok bo‘layotganlar soni hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonovga ko‘ra, 2024 yilning birinchi yarmida mamlakat bo‘yicha qonuniy ravishda o‘qib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan 10 mln 200 mingdan ortiq qoidabuzarlik sodir etilgan. 2023 yilda mashina boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar ruxsatnomasi bo‘lmay turib, rulga o‘tirishi ortidan 707 ta YTH sodir etilgan. Oqibatda 212 kishi vafot etib, 546 kishi tan jarohatlari olgan.
Shuningdek, joriy yilning 6 oyidagi YTHlarning 58,5 foizi piyodalar ishtirokida sodir etilgan. Tahlillarga ko‘ra, piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 20 foizi piyodalar o‘tish joylari tashkil etilmagani, 19 foizi piyodalar o‘tish joyi mavjud bo‘lsa-da, piyodalar tomonidan yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tilgani oqibatida sodir bo‘lgan.
Bundan tashqari, piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 13 foizi haydovchilarning tartibga solingan piyodalar o‘tish joyida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga qaramay harakatlanishi, 16 foizi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida haydovchilarning piyodalarga yo‘l bermasligi oqibatida kelib chiqqan.