2021 yilgi Davlat byudjeti ma’qullandi
Jamiyat
−
18 dekabr 2020
7556O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisida “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi, “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar muhokama qilindi. Majlisda 2021 yilgi Davlat byudjeti ma’qullandi.
Ta’kidlanganishicha, “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun bilan kelgusi yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti prognozlari hamda 2022-2023 yillar uchun byudjet mo‘ljallari belgilangan.
Makroiqtisodiy siyosatning asosiy yo‘nalish va ko‘rsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi taxminlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan. Bunda asosiy e’tibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, fiskal rag‘batlantirish choralarini mo‘’tadillashtirib borish, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining 5 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda uning 10 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Ushbu rivojlanish ko‘rsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish nazarda tutilgan.
Qayd etilganlardan kelib chiqib, 2021 yilda Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 178,5 trln. so‘mga yoki yalpi ichki mahsulotning 25,9 foizi darajasida prognoz qilingan. Davlat byudjeti daromadlari 147,2 trln. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 21,3 foiz miqdorida belgilanmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 26,2 trln. so‘m, xarajatlari esa 40,8 trln. so‘m miqdorida rejalashtirilgan.
Davlat maqsadli jamg‘armalariga respublika byudjetidan 15,9 trln. so‘m mablag‘ ajratish ham belgilangan. Jumladan, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 23,5 trln. so‘m, xarajatlari 36,5 trln. so‘mni tashkil etgani holda byudjetdan 14,7 trln. so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Davlat byudjetidan ijtimoiy sohalarga, xususan, ta’lim sohasi xarajatlariga 34,6 trln. so‘m, Sog‘liqni saqlash sohasiga 19,6 trln. so‘m, Madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 2,6 trln. so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,2 trln. so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Davlat dasturlari orqali esa uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish dasturlari uchun (2 197 mlrd. so‘m), fanni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun (168 mlrd. so‘m) aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun (3 952 mlrd. so‘m) mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish choralari doirasida Qonunda ilk bor birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilari byudjetida davlat dasturlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar alohida ko‘rsatilgan.
Majlisda ta’kidlanishicha, “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan byudjet tizimi va byudjet jarayonini takomillashtirish choralari belgilanmoqda.
Ushbu choralarning Byudjet va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi va “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish kiritish orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Bunda Byudjet kodeksiga kiritilgan o‘zgartish bilan byudjet jarayonining shaffofligini ta’minlash tartibi buzilgan hollarda vazirlik va idoralar rahbar xodimlariga jarima qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Ta’kidlanishicha, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi haqidagi hisobotni taqdim etmagan, byudjet jarayonining shaffofligini ta’minlash tartibini buzgan vazirlik va idoralar rahbarlariga jarima qo‘llash bo‘yicha o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, majlisda “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham ko‘rib chiqilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2021 yilda soliq siyosatini takomillashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish orqali soliqlar yig‘iluvchanligiga erishish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun va O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritilmoqda.
Qolaversa, Soliq kodeksi normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash maqsadida tegishli soliq stavkalarini bosqichma-bosqich bazaviy stavkalarga yetkazishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar ham kiritilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari tomonidan mazkur qonunlar ma’qullangan.
LiveBarchasi