2021 yildan XMHSga o‘tiladi – Prezident farmoni loyihasi

Jamiyat

image

2021 yildan O‘zbekistonda Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga o‘tiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida belgilangan

Hujjatda 2021 yil 1 yanvardan aksiyadorlik jamiyatlari, banklar, sug‘urta tashkilotlari, ustav fondida davlat ulushiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, yirik soliq to‘lovchilar jumlasiga kiritilgan yuridik shaxslar XMHSga o‘tishlari nazarda tutilgan. 

So‘nggi yillarda tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshiradigan va xorijiy investitsiyalarni jalb etadigan korxonalar soni ortib bormoqda. Shu bilan birga, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish chora-tadbirlari qabul qilinganligiga qaramay, xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlarini joriy etishga, xorijiy investorlar uchun zarur axborot muhitini ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Bundan tashqari, buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishlari bo‘yicha amaldagi ta’lim tizimi samara bermayapti hamda mazkur sohada malakali mutaxassislarni shakllantirishning zamonaviy talablariga muvofiq kelmayapti.

XMHSga o‘tish jarayoni qanday kechadi?

Eslatib o‘tamiz, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun, Prezidentning 24.04.2015 yildagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4720-son Farmoni, Prezidentning 17.01.2019 yildagi “Kon-metallurgiya tarmog‘i korxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4124-son va 3.03.2019 yildagi “Kimyo sanoatini yanada  isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4265-son qarorlarida XMHSga muvofiq yillik moliyaviy hisobotni va Xalqaro audit standartlariga (XAS) muvofiq uning tashqi auditini o‘tkazish e’lon qilinishi nazarda tutilgan.

Moliya vazirligi XMHS joriy etish bo‘yicha vakolatli organ sifatida XMHS joriy etishda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va ushbu jarayonni monitoring qilish ishlarini amalga oshiradi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab ixtiyoriy ravishda XMHS bo‘yicha moliyaviy hisobot tayyorlaydigan tadbirkorlik sub’ektlari moliyaviy hisobotni buxgalteriya hisobi milliy standartlari bo‘yicha taqdim etishdan ozod etiladi.

Aksiyadorlik jamiyatlari, banklar, sug‘urta tashkilotlari, ustav fondida davlat ulushiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, yirik soliq to‘lovchilar jumlasiga kiritilgan yuridik shaxslar 2021 yil 1 yanvardan faqat XMHS bo‘yicha buxgalteriya hisobini yuritadi va 2021 yilning yakunlaridan boshlab moliyaviy hisobotni tayyorlaydi. 2021 yil oxiriga qadar ular buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida XMHS bo‘yicha “Moliyaviy hisob” yoki “Moliyaviy hisobot” fanlarini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risidagi hujjatga yoxud xalqaro buxgalter sertifikatiga (ASSA va uning diplomlari, SRA, CIPA) ega bo‘lgan kamida ikki nafar mutaxassis xodimlar orqali XMHSni sifatli qo‘llanilishini ta’minlaydilar.

Hujjat bilan XMHS va ilg‘or xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda ushbu soha kadrlarini tayyorlashning zamonaviy usullarini bosqichma-bosqich joriy etish “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

2021 yil 1 yanvarga qadar respublika buxgalterlar va auditorlar jamoatchilik birlashmalarini jalb etgan holda buxgalteriya hisobi milliy standartlari XMHSga uyg‘unlashtirish maqsadida qayta ko‘rib chiqiladi. 2020 yil 1 oktyabrgacha XMHSga moslashtirilgan soliq hisobotining yangi shakllari, shuningdek buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, shu jumladan moliyaviy hisobotni o‘z vaqtida tayyorlamaganlik va e’lon qilmaganlik uchun ma’muriy choralarni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Kadrlar tayyorlash tizimida nimalar o‘zgaradi?

Moliya vazirligi va ASSA (Association of Chartered Certified Accountants) o‘rtasida xalqaro standartlar bo‘yicha hisob, audit va biznesni boshqarish sohalari mutaxassislarini o‘qitishga yordam berish, shuningdek nodavlat ta’lim va oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishga ko‘maklashish borasida kelishuvga erishildi. 

Xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda XMHS bo‘yicha samarali sertifikatlash tizimini yaratish nazarda tutilmoqda, u ta’lim, imtihon o‘tkazish va uning natijalarini baholash, shuningdek sertifikat berish jarayonlarining ochiq-oshkoraligini ta’minlaydi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2020 yil 1 avgustga qadar bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlarining “buxgalteriya hisobi” va “audit” mutaxassisliklari bo‘yicha XMHSni chuqur o‘rgatish nazarda tutilgan yangilangan o‘quv dasturlarini ta’lim jarayoniga joriy etishi lozim.

2022-2023 o‘quv yilidan boshlab oliy o‘quv yurtlarida faqat XMHS bo‘yicha “Moliyaviy hisob” yoki “Moliyaviy hisobot” bo‘yicha imtihonni topshirgan yoxud xalqaro buxgalter sertifikatiga (ASSA va uning diplomlari, SRA, CIPA) ega bo‘lgan o‘qituvchilargina buxgalteriya hisobi va audit fanlarini o‘rgatadi.

Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda tajriba o‘tkazilishi belgilangan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Farg‘ona texnika instituti, Termiz davlat universitetining pedagogik kadrlarini o‘quv markazlarida “buxgalteriya hisobi” va “audit” yo‘nalishi bo‘yicha jadal o‘qitish grafigini tasdiqlashi lozim.

Shuningdek auditorning malaka sertifikatini olish uchun imtihon o‘tkazish bo‘yicha yagona nodavlat imtihon markazi tashkil etilishi va u o‘zining veb-saytida auditorning malaka sertifikatiga ega bo‘lgan auditorlar reyestrini e’lon qilishi nazarda tutiladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

moliyaviy hisobot

Baholaganlar

62

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar