2021 yilda O‘zbekistonda 100 ta QVP, 24 ta OP quriladi – Prezident topshirig‘i
Jamiyat
−
06 noyabr 2020
9260Avval xabar berganimizdek, ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda. Unda Sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha muhim masalalar ko‘rip o‘tishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda 20 mingdan ziyod vrachlik shtati mavjud, lekin ularda 12 ming shifokor ishlamoqda.
Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev shifokorlarga munosib sharoitlar yaratish orqali ularni eng quyi bo‘g‘in – qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
“Buning uchun chekka hududlardagi birlamchi bo‘g‘in tibbiyot tizimi uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilinadi. Bu dasturga muvofiq chekka hududlardagi birlamchi bo‘g‘inga ishga kirgan tibbiyot xodimlariga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘i beriladi, ular xizmat uyi bilan ta’minlanadi yoki ijara to‘lovi kompensatsiya qilinadi”, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojlarni mahallalar kesimida aniqlab, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida kvotani oshirish, ipoteka asosida qurilayotgan uy-joylarni, avvalo, birlamchi bo‘g‘in shifokorlari uchun ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Bundan tashqari, aholi ehtiyojidan kelib chiqib, kelgusi yilda 100 ta qishloq vrachlik punkti va 24 ta oilaviy poliklinika tashkil etiladi.