2020 yil og‘ir keldi – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
01 may 2020
9292Avvalroq, Sardoba suv ombori suv chiqishi yuzasidan favqulodda holat yuzaga kelgani sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga yetib borgani haqida xabar bergan edik. Davlat rahbari boshchiligida voqea joyida Hukumat komissiyasi tashkil etilib, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, vaqtincha ko‘chirilgan aholiga har tomonlama yordam berish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Prezident aholi bilan uchrashib, vaziyat bo‘yicha muloqot qildi.
“Bu ham bir sinov. Hech kim kutmagan sinov. Eng katta qilgan harakatimiz odamlarni ehtiyot joylariga ko‘chirish edi. Oqoltin rahbarlari, nuroniylari, mahalla raislaridan shuni iltimos qilaman, hozir odamlarni saranjom qilib, hammani mahalla-mahalla qilib yig‘ib olib, hamma sharoitini vaqtinchalikka yaratib beramiz. odamlarni hozir yig‘ib, uylarga joylashtirib, hamma sharoitini qilib berishimiz kerak. Hamma kuch vositani shunga safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi bo‘lmaguncha man boshchiligimdagi bironta rahbar hech qayerga qimirlamaymiz.
Bu hech kim kutmagan falokat. 2020 yil og‘ir keldi. Mana shu og‘irlikni yelkamizga olib, sabr bilan chidashimiz kerak. Hozir xato qilishga haqqimiz yo‘q. Odamlarni vahima qilmasligimiz kerak. Ayollar va yoshlarni tinchlantirishimiz kerak.
Bironta xonadon e’tiborsiz qolmaydi. Qurilishlarni boshlaymiz. Xudoni o‘zi sabr bersin, o‘zi qo‘llab quvvatlasin“ deydi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, Sardoba suv omborida bugun, 1 may kuni soat 05:55 da favqulodda holat yuzaga keldi. Keyinroq, aholini evakuatsiyasi bo‘yicha FVV ma’lumot berdi. Mirzaobod aholisi Yangiyer shahriga ko‘chirilgani haqida ham xabar berildi.
LiveBarchasi