200 kishilik “Tolibon” delegatsiyasi Qozog‘istonga keldi

Olam

image

200 kishidan iborat “Tolibon” delegatsiyasi Qozog‘istonga yetib keldi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.

“Markaziy Osiyo davlatlaridan Afg‘oniston Qozog‘iston bilan eng ko‘p savdo qiladi, biz hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga egamiz”, degan Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin Twitter’dagi sahifasida.

Shuningdek, Jumangarin “Tolibon”ning savdo va sanoat vaziri Alhaj Nuriddin Aziziy bilan uchrashuvi chog‘ida Qozog‘iston Afg‘oniston bilan savdo aylanmasini 3 milliard dollarga yetkazmoqchi ekanini aytgan.

Uning ta’kidlanishicha, aprel oyida Kobulga tashrifi chog‘ida tomonlar o‘z oldiga mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 3 milliard dollargacha oshirish vazifasini qo‘ygan.

"Qozog‘iston kompaniyalarining Qobulga so‘nggi tashrifi yakunlariga ko‘ra, bizning energetik ichimliklarimiz, un mahsulotlarimiz, mineral o‘g‘itlarimiz yetkazib berildi, kungaboqar yog‘iga ham qiziqish paydo bo‘ldi. Afg‘onistondan importda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan bir qatorda to‘qimachilik mahsulotlari ham paydo bo‘ldi”, degan Serik Jumangarin.

Shuningdek, uchrashuvda hamkorlikni faollashtirish uchun Afg‘oniston tomoniga Hirotdagi Qozog‘iston Savdo uyi salohiyatidan foydalanish va Qozog‘istonda o‘zining savdo vakolatxonasini ochish taklif etilgan. Tomonlar mavjud savdo yo‘llarini rivojlantirish va Afg‘oniston orqali tovarlarni yetkazib berishning muqobil yo‘nalishlarini yaratish imkoniyatlarini ham muhokama qilgan.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston mahalliy kompaniyalarning Afg‘onistonda amalga oshirilayotgan boshqa iqtisodiy loyihalarda, xususan, transport, tog‘-kon sanoati, telekommunikatsiya va qishloq xo‘jaligi sohalarida ishtirok etishini ko‘rib chiqmoqda.

Xususan, joriy yilning aprel oyida Qozog‘iston delegatsiyasining Qobulga tashrifidan so‘ng "Kazaxtelekom” AJ Afg‘oniston tomoni bilan tijorat asosida Afg‘onistonga optik tolali internet yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston va Afg‘oniston ta’lim sohasida ham hamkorlik qilmoqda. Bugungi kunda Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universitetida Afg‘onistondan 130 nafar talaba tahsil olmoqda. Serik Jumangarin uchrashuvda Qozog‘istonda tahsil olayotgan afg‘onistonlik talabalar sonini ko‘paytirishni ham taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya yaqin kunlarda Afg‘onistonga borishi aytilgandi. O‘zbekistonning Kobuldagi elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi yil oxirigacha 758 mln dollarga yetishi kutilayotganini qayd etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing