200 ga yaqin yo‘lovchisi bor poyezd relsdan chiqib ketdi (video)

Olam

image

Shimoliy Fransiyada 186 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan poyezd relsdan chiqib ketishi oqibatida kamida 44 kishi jarohatlandi. Jabrlanganlardan birining ahvoli og‘ir. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Mahalliy rasmiylarning bayonotiga ko‘ra, hodisa kecha, 11 sentyabr kuni taxminan soat 19:45 da yuz bergan.

Transport vaziri Filipp Tabaroning X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilishicha, poyezd Normandiya mintaqasidagi Ruan va Kan shaharlari o‘rtasida harakatlangan.

Baxtsiz hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun ommaviy qurbonlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyat rejasi ishga tushirilgan. Qutqaruv ishlariga 130 nafar o‘t o‘chiruvchi, 5 ta tibbiy brigada va 80 ta maxsus transport vositasi jalb qilingan.

Ruan prokurori Sebasten Galluaning aytishicha, jarohatlanganlar orasida 18 yoshli qiz ham bor. U og‘ir ahvolda evakuatsiya qilingan.

Yo‘lovchilardan biri, 24 yoshli Lui, mahalliy OAVga bergan intervyusida poyezd birdaniga silkinib ketganini aytgan.

“Avval bir necha marta silkinish bo‘ldi, keyin taxminan uch soniyadan so‘ng bu yanada kuchaydi. O‘z joyimda o‘tirib turolmadim. Derazalar qisman chilparchin bo‘ldi, relsdagi toshlar vagon ichiga uchib kirdi. Bu juda dahshatli edi, hanuz titrayapman“, degan u.

Poyezd mashinistining giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar iste’mol qilgan-qilmaganini aniqlash uchun o‘tkazilgan testlar salbiy natija bergan.

Fransiya temir yo‘l tarmog‘i uchun mas’ul SNCF Réseau kompaniyasi ushbu hodisa sababli poyezdlar harakati to‘xtatilganini ma’lum qilgan. Favqulodda xizmatlar ish olib borishi uchun temir yo‘l liniyasidagi elektr ta’minoti ham uzilgan.

“Kechiktirib bo‘lmaydigan ustuvor vazifa yo‘lovchilarga yordam ko‘rsatish, shundan keyin esa xavfsiz harakatlanish sharoitlarini tiklashdir”, deyiladi kompaniya bayonotida.

Hodisa yuzasidan politsiya va temir yo‘l idoralari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahridagi Kadiko‘y va Sabixa Go‘kchen xalqaro aeroporti o‘rtasida qatnovchi M4 metro yo‘nalishidagi poyezd Bo‘stanji bekatida relsdan chiqib ketgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing