20 mlrd so‘m asossiz daromad olgan klasterlar aniqlandi
3-sahifa
−
12 iyul
9060Paxta to‘qimachilik va yog‘-moy klasterlari tomonidan 20 mlrd so‘m asossiz daromadlar olinganligi aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2024 yilning I yarim yilligi davomida yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi klasterlar tomonidan ushbu turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilishi va birja savdolarida narxlarning sun’iy oshishini oldini olish bo‘yicha nazorat o‘rnatilib, kunlik va oylik monitoring kuzatuvlari olib borilgan.
Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan tekshirishlar davomida yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni:
-
jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda birjaga mahsulotni qo‘ymaslik yoki uni kam hajmda yoxud muvofiq bo‘lmagan hajmda qo‘yish;
-
jadvallarni belgilangan muddatda birjaning rasmiy veb-saytiga joylashtirmaslik;
-
forvard shartnomasi bo‘yicha mahsulotni bir oydan kam bo‘lgan muddatda yuklab jo‘natish;
-
shartnomalarga asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri sotilish holatlari;
-
birja savdolarini o‘tkazish chog‘ida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, ushbu omillar oziq-ovqat va trikotaj mahsulotlarining narxlariga bevosita yoki bilvosita ta’sir qilib, ularning iste’mol bozorlarida narxi oshishiga olib kelishi mumkin.
“Yuqoridagilarga ko‘ra, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida Respublika bo‘yicha umumiy hisobda jami 20 mlrd so‘mga yaqin asossiz olingan daromadlar aniqlandi, mazkur holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni talablari buzilishi alomatlari bilan, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan barcha klasterlarga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, javobgarliklar belgilash yuzasidan qaror va ko‘rsatmalar berildi va bu borada ishlar davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Jizzax viloyatidagi ayrim tuman hokimlarining qarorlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan va hujjatlar bekor qilingandi.
Azizbek Eshmamatov
LiveBarchasi