20 dan ortiq erkakka OITS yuqtirgan qiz bor-yo‘g‘i uch yilga qamaldi

Jamiyat


Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yigirmadan ortiq erkakka qasddan OITS kasalligini yuqtirgan qiz uch yilga qamaldi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi mas’uli ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 2002 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan fuqaro M.R. maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq yengil-yelpi turmush tarzida bo‘lgan.

11-sinfni tugatgach, oilasidagilar bilan o‘zaro janjallashib, o‘rtalarida kelishmovchilik yuzaga kelgan, natijada M.R. uydan chiqib ketgan va tuman markazidagi tungi klublardan biriga ishga kirgan.

O‘tgan ikki yil mobaynida yaqinlari uning xatti-harakatlariga chek qo‘yish va ortga qaytarish uchun hech qanday chora izlamagan.

“Olib borilgan sud-tergov harakatlari davomida qiz tungi klub ishlaridan bo‘sh vaqtlarida fohishalik bilan shug‘ullanib kelgan. Kunlarning birida sog‘lig‘idan shikoyat qilib, tuman kasalxonasiga boradi. Kasalxonada olib borilgan tibbiy muolajalar davomida qizda OITS kasalligi mavjudligi aniqlangan”, deydi sud mas’ul xodimi.

Holatga ko‘ra, M.R.ni shifokorlar shu zahotiyoq ro‘yxatga olgan va majburiyatlari haqida tushuntirish ishlari olib borilgan. U o‘zidagi infeksiyani boshqalarga yuqtirsa, Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilgan.

Biroq, qiz o‘zi tanlagan yo‘lidan qolmagan. Arzimas pul evaziga erkaklar bilan jinsiy aloqaga kirishib, sheriklaridan kasalligini yashirib kelgan. Olib borilgan tergov-surishtiruv harakatlari davomida M.R. yigirmadan ortiq erkakka OITS kasalligini qasddan yuqtirgani ma’lum bo‘ldi. Tergov davomida, aybdor pul ishlash uchun o‘z kasalligini boshqalarga qasddan yuqtirganini tan olgan.

Jinoyat kodeksining 113-moddasi (Tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi bilan ayblangan M.R. uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shahboz Abdusattorov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

762

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing