2 hududda og‘ufurushlar ushlandi: ulardan 51 ming dozalik narkotik olindi (video)
3-sahifa
−
23 iyul 3425 2 daqiqa
Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Ulardan jami 10 litrdan ortiq “gashish” yog‘i, “opiy“ hamda “gashish” moddalari aniqlanib, 51 ming dozaga teng narkotik vositalarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1994 yilda tug‘ilgan shaxs internet orqali faoliyat yurituvchi norko-do‘konda bir yil davomida “omborchi” sifatida ishlab kelgan. Gumonlanuvchining yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, 49 ta maxsus probirkaga joylangan 1 litrdan ortiq “gashish” yog‘i, shuningdek, beshta idishda saqlangan 9 litrdan ortiq “gashish” yog‘i hamda 10 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi aniqlangan.
Bundan tashqari, uning uyidan 35 ming AQSH dollari, yettita bank plastik kartasi, 20 ta SIM-karta, elektron tarozi va xizmat guvohnomasi topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
O‘tkazilgan tadbirlar natijasida 51 ming dozaga teng bo‘lgan 10 litrdan ortiq “gashish” yog‘i va 10 gramm “opiy” giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi hamda tarqalishining oldi olingan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1985 yilda tug‘ilgan ayol giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida ushlangan. U xaridorga 40 gramm gashish giyohvandlik vositasini sotish vaqtida qo‘lga olingan. Ayolga tegishli sumka ko‘zdan kechirilganda esa qo‘shimcha 60 gramm gashish topilgan.
Qayd etilishicha, ushbu ayol avval ham Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlarni amalga oshirish, shuningdek ularni noqonuniy o‘tkazish) bilan sudlangan. Biroq u sodir etgan qilmishidan xulosa chiqarmasdan, jinoiy faoliyatini davom ettirgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan xorij fuqarolari qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi