Toshkentni titratgan sahar. “Toshkent zilzilasi”ga 54 yil to‘ldi
Tahlil
−
26 aprel 2020
46424Ko‘pchiligimiz 1966 yil 26 aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lgan zilzila, uning oqibatlari haqida yoshi ulug‘larimizdan eshitganmiz. Falokat qanday sodir bo‘lgandi? Oqibatlari qanday bo‘lgan? O‘zbekistonda shu kabi zilzilalar avval ham bo‘lganmi? Zilziladan keyin Toshkent shahrini qayta tiklash ishlarida kimlar jonbozlik ko‘rsatgandi? Shu va boshqa savollarga QALAMPIR.UZ quyidagi maqolada batafsil ma’lumot berishga harakat qiladi.
Zilzila nima va u qanday sodir bo‘ladi?
Zilzila (yer qimirlashi) – yer po‘stida yoki mantiyaning yuqori qismida to‘satdan siljish, sinish yoki o‘pirilish ro‘y berishi oqibatida vujudga keladigan va to‘lqinsimon tebranishlar tarzida uzoqlarga tarqaladigan yer osti silkinishlari. Zilzilalar yuzaga kelish sabablariga ko‘ra, to‘rtta guruhga – tektonik, vulqonli, o‘pirilish va texnogen zilzilalariga bo‘linadi.
Yer po‘stining har xil chuqurligida tabiiy kuchlar ta’sirida sodir bo‘ladigan silkinishlar tektonik zilzila deyiladi. Ular yer qa’ridagi harakat va jarayonlarning mahsuli bo‘lib, bu jarayonlarning kinetik quvvat tarzida birdan sarflanishi oqibatidir. Vulqon ta’siridagi - vulqonli va ichki o‘pirilish bo‘lgan - o‘pirilish zilzilalari kuchsiz bo‘lib, uning kuchi tektonik zilzilalarning eng kuchsizlariga teng hisoblanadi.
Texnogen zilzilalar esa insonning muhandislik faoliyati bilan bog‘liq tarzda bo‘ladi. Buni oxirgi yillarda avj olgan zilzilaning yangi va sun’iy turi deyishimiz mumkin. Bunday yer silkinishlar yirik suv ombori vujudga kelgan hududlarda, gaz-neft mahsulotlarining yer ostidan so‘rib olinishi jarayoni amalga oshirilgan maydonlarda yuz bermoqda.
Zilzilalar tarixiga bir nazar
Zilzilalar yer sharining tektonik jihatdan eng faol bo‘lgan tog‘ tizmalari joylashgan hududlarda ko‘proq bo‘ladi. Bu joylar geologik iborada yer yuzining belbog‘i (mintaqali) buzilish joylari deb yuritiladi. Dunyo tarixida kuchli va falokatli zilzilalar ko‘p bo‘lgan. Ulardan biri hozirgi Ozarbayjon hududida yuz bergandi.
Tarixga Gyanja zilzilasi nomi bilan kirgan bu falokat 1139 yili 30 sentyabr kuni sodir bo‘lgandi. Manbalarga ko‘ra, zilzila kuchi 11 ballga teng bo‘lgan. Zilzila oqibatida 230 ming kishi halok bo‘lgan, 8 ta yangi ko‘l hosil bo‘lgan. Hozirgi Geygel ko‘li ham o‘sha zilzilaning asorati hisoblanadi.
“Buyuk Xitoy zilzilasi” haqida ham eshitgan bo‘lsangiz kerak. Ushbu zilzila 1556 yili 23 yanvar kuni Xitoyning hozirgi Shensi provinsiyasi hududida bo‘lgandi. Olimlar zilzilada 830 ming kishi halok bo‘lgan, deya ma’lumot keltirishadi. Uning epitsentri (markazi) Vey daryosi atrofi bo‘lgan, o‘sha davrdagi Xuasyane shahri butkul vayrona holiga kelgan.
O‘tgan asrdagi eng kuchli zilzilalar Italiyadagi “Messina” va Turkmanistondagi “Ashxobod” nomlari bilan tarixda qoldi. 1908 yili 28 dekabr kuni Sitsiliya va Appenin yarimoroli o‘rtasida 7,8 magnitudada zilzila bo‘ldi. “Messina” zilzilasi natijasida 3 metrlik sunami yuz berdi va turli manbalarga ko‘ra, 200 ming nafarga yaqin inson halok bo‘ldi. 1948 yil 6 oktyabr kuni “Ashxobod” zilzilasi bo‘ldi. Rixter shkalasi bo‘yicha zilzila kuchi 7,3 ballni tashkil etdi. Turkmaniston poytaxti vayronaga aylandi va 35 ming kishi qurbon bo‘ldi.
O‘zbekiston hududida ham bir qancha zilzilalar bo‘lgan. 1902 yili Andijonda, 1921-1922 yillarda Buxoro va Samarqand yaqinida, 1927 yili Namanganda, 1976-1984 yillarda Gazlida zilzilalar bo‘lgan.
1966 yil 26 aprel soat 05:22!
Toshkent shahri seysmik jihatdan faol mintaqada joylashgan hudud hisoblanadi. 1966 yil 26 aprel tongini butun dunyo yaxshi eslaydi. Bu vaqtda Toshkent vayronaga aylangandi. Zilzila bo‘lishidan avval juda kuchli portlash sodir bo‘ldi. Shahar chekkasida shafaq ko‘rindi. Keyinroq olimlar shafaq nima sababdan kelib chiqqanini aytishdi. Zilzila o‘qchog‘i 5-10 kilometr chuqurda joylashgan bo‘lgan. Yer ostida yig‘ilgan tektonik kuchlanish yer yuzasiga chiqish vaqtida elektr energiyasiga aylangan va Toshkent aholisiga mana shu energiya shafaq bo‘lib ko‘ringan.
Shahardagi zilzila markazi “Qashqar” (Qoshg‘ar) mahallasi va “Labzak” o‘rnida bo‘lgan. Hududda vertikal zarblar kuchining magnitudasi 5,3 ga teng, silkinish 8 balldan ziyod, maksimal vayronalik maydoni 10-12 kvadrat kilometrni tashkil qilgan. Yerning 2-3 gers chastotada silkinishi 10-12 daqiqa davom etgan. Shu yili 9 maydan 10 mayga o‘tar kechasi, 24 may va 5 iyunda (6-7 ballga teng) kuchli silkinishlar takrorlangan.
Zilzila natijasida, 2 million metr kvadratdan ziyod turar-joy maydoni, 236 ta ma’muriy bino, 700 ga yaqin savdo va ovqatlanish shoxobchalari, 26 ta kommunal xo‘jalik korxonasi, 180 ga yaqin o‘quv yurti, 8 ming o‘rinli maktablar, 36 ta madaniy-maishiy muassasalar, 185 ta tibbiyot va 245 ta sanoat korxona binolari jiddiy talofat ko‘rdi. 78 ming oila yoki 300 ming odam (o‘shanda Toshkentda yarim million aholi istiqomat qilgan) boshpanasiz qoldi. Ayrim manbalar zilzilada 8 kishi halok bo‘lib, 150 ga yaqin kishi jarohatlangan deydi. Ayrim manbalar esa raqamlar ancha jiddiy ko‘rinish tus olgandi, deb xabar beradi.
Voqea yuz berishi bilan hukumat barchasini nazoratiga oldi. Toshkentga mingdan ortiq chodir joylashtirildi, 600 ga yaqin vaqtinchalik oziq-ovqat do‘konlari tashkil qilindi. Suv ta’minoti uzluksiz ishladi. Bu bilan o‘z navbatida shaharda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan epidemiyaning oldi olindi. Eng qizig‘i, manbalar shaharda o‘sha vaqti talonchilik holati umuman kuzatilmagan deyishadi. SSSRning barcha davlatlaridan Toshkentga turli ko‘rinishda yordamlar kela boshladi.
“Pomogite Tashkentu!” – poytaxtning qayta tiklanishi
Shahar chodirlar, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, jihozlari bilan ta’minlandi. Fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy mablag‘larini o‘tkazadigan jamg‘arma tashkil qilindi. O‘sha vaqtda SSSRda pul birligi rubl bo‘lgan. Mazkur jamg‘armaga 10 million rubldan ortiq pul kelib tushgan. Mablag‘ning 5,5 million rubli yakka tartibdagi turar-joy binolarini ta’mirlash uchun tuman ijroiya qo‘mitalari tomonidan egalariga ajratildi. Pulning bir qismi shaharda o‘yin maydonlari qurish, odamlar joylashtirilgan vaqtinchalik lagerlarda bepul ovqatlanish va boshqalarga yo‘naltirildi. 15 mingda ortiq oila o‘z roziligi bilan O‘zbekistonning boshqa hududlari yoki qo‘shni davlatlarga joylashtirildi.
Poytaxtni qayta qurish uchun qo‘shni davlatlardan minglab odamlar jalb qilindi. 1966 yilning dekabrida qurilish ishlarining birinchi bosqichi tugadi. 300 mingdan ziyod fuqarolar boshpanali bo‘ldi. Qisqa, uch yarim yil ichida zilzila oqibatlari to‘liq bartaraf etildi. O‘sha vaqtda SSSR shoiri Andrey Voznesenskiy Toshkentga yordam berish uchun quyidagi mazmunda chaqiruv-she’rini ham yozgandi:
Pomogite Tashkentu!
Ozverevshim shtaketnikom
vmyata jenina v stenku.
Tы rojayesh, Zemlya.
Govoryat, zdes krasivыye gornыye vstanut
massivы.
No nastolko l krasivo,
chtob jivыx raskroshilo?
Yesli les - pomogi,
yesli xleb - pomogi,
yesli yest - pomogi,
yesli net - pomogi!
Siyosatchilar o‘sha vaqtdagi zilziladan O‘zbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining Birinchi Kotibi (O‘zbekistondagi birinchi shaxs) Sharof Rashidovni unumli foydalangani, Toshkentni tiklash uchun Kremldan yetarlicha yordam ololgani va shahar zamonaviy ko‘rinishga kelganini e’tirof etishadi. O‘sha vaqtdagi o‘zbek hukumatining favqulodda vaziyatlarda harakatlanadigan tashkilotisiz vaziyatga to‘liq baho bera olganini mutaxassislar yuqori baholaydi.
Zilziladan 10 yil o‘tgach, 1976 yil 20 may kuni hodisaga atab, Toshkentda “Jasorat” monumental majmuasi o‘rnatilgan. Granit poydevorga qora labradoritdan yasalgan kub o‘rnatilgan, uning bir tomonida 26 aprel 1966 yil sanasi bitilgan. Ikkinchi tomonida siferblatlari 05:22 ni ko‘rsatib turgan soat o‘yilgan. Kubdagi darz yerning yorilishi ramzi bo‘lib, to bolasini bag‘riga bosgan ayol va ularni tabiiy ofatdan ko‘ksi bilan to‘sib turgan erkakning bronza haykali poyigacha davom etgan. Monument foni bo‘lib, Toshkentning qayta tiklanishini aks ettiruvchi bo‘rtma kompozitsiya xizmat qiladi.
Zilzila ortidan o‘sha yilning oktyabr oyida Sobiq ittifoqda birinchi bo‘lib, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi tarkibida Seysmologiya instituti ham tashkil etildi. Institutning asosiy vazifalari sifatida zilzilalarning sababini o‘rganish, ularni sodir bo‘lishini oldindan bilish mumkin bo‘lgan tadqiqotlar olib borish edi. Seysmologiya instituti tuzilgani bir necha marta o‘zini oqladi. Xususan, 1976 yil 17 maydagi Gazlidagi, 1978 yil 1 noyabrdagi Oloy, 1984 yil 18 fevraldagi Pop zilzilalari yuz berishi oldindan aytildi.
LiveBarchasi