195 ming qalbaki dollarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Jizzax, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahrida qariyb 195 ming qalbaki AQSH dollarining muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro va uning Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 1998 yilda tug‘ilgan sherigi ijtimoiy tarmoqlar orqali Jizzax shahrida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, unga soxta 100 AQSH dollari kupyurali jami 50 ming AQSH dollarini 65 mln so‘mga sotishga kelishgan.

Shundan so‘ng ular Jizzax shahriga borib, xaridor bilan telefon orqali muloqot qilgan. Unga qalbaki pullarni shahar hududidagi xufiya joyga qoldirib ketishlarini aytib, kelishilgan summadan 39 mln 200 ming so‘mni oldindan plastik karta orqali olgan.

Ammo ular qalbaki valyutalarni belgilangan joyga qoldirmasdan xaridorni aldab, Toshkent shahriga qaytib ketayotgan vaqtda Do‘stlik tumanida ushlangan va ular ketayotgan avtomashina salonidan qalbaki 51 ming AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Yana bir holatda Buxoro viloyatida yashovchi 1949 va 1984 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs hamda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zaro til biriktirib, chet davlatda tayyorlangan har biri 100 dollar kupyurali qalbaki 50 ming AQSH dollarini haqiqiy 25 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olingan.

“Ta’kidlash lozimki, ularning uchalasi ham muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Toshkent shahrida ham Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan shaxs xorijdan keltirilgan 50 va 100 AQSH dollari kupyurali qalbaki 45 ming AQSH dollarini xaridorga haqiqiy 25 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 1983 yilda tug‘ilgan shaxs va Toshkent viloyatining Parkent tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan fuqaro qalbaki 10 ming AQSH dollarini xaridorga haqiqiy 8 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ushlangan.

Namangan viloyatining Chortoq tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsning ko‘rsatmasi bo‘yicha uning 1995 va 2001 yillarda tug‘ilgan 2 nafar sherigi qalbaki 30 ming AQSH dollarini xaridorga haqiqiy 19 500 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida qo‘lga olingan.

Namangan shahrida istiqomat qiluvchi 1991 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda 88 dona 50 AQSH dollari kupyurali va 44 dona 100 AQSH dollari kupyurali, jami qalbaki 8800 AQSH dollari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida yashash xonadonida 100 ming so‘mlik kupyura yordamida 28 mln 300 ming so‘m miqdoridagi qalbaki pullarni tayyorlagan jinoiy guruh ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Namangan Jizzax qalbaki dollar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing