AQSHda 19 kishini olib ketayotgan qayiq cho‘kib ketdi. Qurbon bor
Olam
−
15 iyul 1555 2 daqiqa
AQSHning Kaliforniya shtatidagi San-Fransisko ko‘rfazida, Alkatraz oroli yaqinida 19 kishini olib ketayotgan ponton qayig‘i cho‘kib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa 14 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:30 atrofida sodir bo‘lgan. San-Fransisko yong‘in xizmati boshlig‘i Din Krispenning aytishicha, voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar uch qavatli ponton qayig‘ini deyarli to‘liq suv ostida qolgan holatda aniqlagan. Qayiq dvigateli hali ham ishlab turgan, undan yoqilg‘i sizib chiqqan.
Dastlab hodisa qayiqdagi yong‘in sifatida baholangan, biroq keyinchalik mutaxassislar buni tasdiqlovchi dalillar topilmaganini ma’lum qilgan.
Ma’lum qilinishicha, 16 kishi qutqarilgan, ulardan uch nafari turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Sovuq suvdan chiqarib olingan bir kishi shifokorlar sa’y-harakatlariga qaramay vafot etgan. Qayiq bortidagi it ham nobud bo‘lgan.
Hozirda AQSH Sohil xavfsizlik xizmati, San-Fransisko yong‘in xizmati hamda boshqa qutqaruv bo‘linmalari ikki nafar bedarak yo‘qolgan yo‘lovchini qidirishni davom ettirmoqda. Qidiruv ishlariga g‘avvoslar, vertolyotlar va 11 ta qutqaruv kemasi jalb etilgan.
Sayyohlarni olib ketayotgan Bass-Tub kemasi kapitani Aron Anfinsonning so‘zlariga ko‘ra, ular yordam so‘ragan kichik qayiq ekipaji ishorasi bilan voqea joyiga yetib borganida ponton qayig‘i cho‘kayotgan, ayrim yo‘lovchilar esa allaqachon suvga tushib ketgan bo‘lgan.
Hodisa sabablari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 iyul kuni Vetnamning janubidagi Fukuok oroli yaqinida hindistonlik sayyohlar ketayotgan kater ag‘darilib ketishi oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi