Vetnamda sayyohlar ketayotgan kater ag‘darilib, 15 kishi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

Bugun, 11 iyul kuni Vetnamning janubidagi Fukuok oroli yaqinida hindistonlik sayyohlar ketayotgan kater ag‘darilib ketishi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kater bortida 32 nafar Hindiston fuqarosi va 4 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida 21 kishi qutqarilgan, jarohatlanganlar shifoxonaga yotqizilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kater mashhur Xon Mey Rut Ngoay orolidan An Txoy xalqaro portiga qaytayotgan vaqtda, qirg‘oqdan taxminan 400 metr uzoqlikda ag‘darilib ketgan. Hodisa sababi hozircha aniqlanmagan.

Guvohlarning aytishicha, voqea joyiga yaqin atrofdagi kemalar birinchi bo‘lib yetib borib, yo‘lovchilarni qutqarishga kirishgan. Keyinchalik Vetnam chegara xizmati, harbiy-dengiz kuchlari va sohil qo‘riqlash xizmati qutqaruv ishlariga jalb qilingan. Ayrim yo‘lovchilar kater ichida qolib ketgani sabab qutqaruv ishlari murakkablashgan.

Hindistonning Xanoydagi elchixonasi jabrlanganlarning yaqinlari bilan ishlash uchun Xanoy va Xoshimin shaharlarida tezkor shtablar tashkil etilganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Viskonsin shtatidagi Jeneva ko‘lida kuchli bo‘ron vaqtida qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida uch kishi halok bo‘lib, yetti kishi qutqarib qolingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing