15 mamlakat Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi maqomini olmoqchi
Olam
−
02 dekabr 2021 11582 2 daqiqa
Dunyoning yana 15 mamlakati Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi bo‘lish istagini bildirmoqda. Bu haqda Tashkilot Bosh kotibi Bag‘dod Amriyevning Qozog‘istonning “Exclusive” nashriga bergan intervyusida so‘z boradi.
Amriyevga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat Turkiy davlatlar hamkorlik kengashi (tahr. – sobiq nomi) faoliyatini sinchkovlik bilan kuzatib borgan va faol munosabat bildirgan. Bu esa dushmanlik kayfiyatida bo‘lmagan. Ko‘pchilik siyosiy tahlilchilar Turkiy kengash nomini Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirilishini Yevroosiyo makonidagi “yangi geosiyosiy voqelik” sifatida baholagan.
“Tashkilotimiz 12 yil avval tashkil etilgan. Bu davrda tashqi dunyo bilan bog‘liq muammolar va faoliyatimiz yuzasidan shikoyatlar bo‘lmadi. Aksincha, tashkilotimizga qiziqish katta – 15 davlat kuzatuvchi bo‘lish niyatini bildirgan”, deydi Bosh kotib.
Amriyev so‘zida davom etarkan, tashkilotga a’zo davlatlarni nafaqat mushtarak tarix, balki bugungi davrga mos zamonaviy hamkorlik ham bog‘layotganini urg‘ulaydi:
“Tashkilotimizga a’zo davlatlar qardosh xalqlardir. Ularni nafaqat umumiy etnik o‘ziga xoslik, til, madaniyat, ma’naviy qadriyatlar va an’analar, balki tarix, geografiya, iqtisod, axborot maydoni ham birlashtiradi. Binobarin, turkiy davlatlarning umumiy manfaatlarini ifodalovchi universal platformaning yaratilishi juda mantiqiy qadamdir”.
Suhbatda qayd etilishicha, tinchlik va barqarorlikni saqlash, global isish, pandemiya, terrorizm va ekstremizm kabi zamonaviy muammolar oldida turkiy mamlakatlarni birlashtirish bugungi davr talabidir.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotiga nisbatan qiziqishning ortib borayotgani tashkilot to‘g‘ri yo‘lda ekanligi, yaxshi obro‘ qozonayotgani va dunyo bilan konstruktiv munosabatlar o‘rnatishga muvaffaq bo‘lganidan dalolat beradi.
Amriyev tashkilotga a’zo va kuzatuvchi bo‘lish istagidagi mamlakatlar xususidagi fikriga shunday yakun yasaydi:
“Garchi biz hammani qabul qila olmasak ham bu bizni juda xursand qiladi. Turkiy davlatlar tashkiloti juda ijobiy davlatlararo birlashma”.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiy davlatlar hamkorlik kengashiga 2009 yilda Naxichevan bitimi bilan Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya va Qirg‘iziston boshchiligida asos solindi. O‘zbekiston oradan 10 yil o‘tib, 2019 yilning sentyabr oyida Kengash a’zoligiga kirdi. 2021 yilning noyabr oyida Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Kengash nomi Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirildi va Turkmaniston kuzatuvchi davlat maqomini oldi. Ayni vaqtda tashkilot bayrog‘i Yevropada ham hilpiramoqda. Vengriya allaqachon ushbu tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.