14 yashar bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan ikki kishi qamoqqa olindi – Bosh prokuratura

3-sahifa

image

Farg‘onada Ichki ishlar xodimi tomonidan olib ketilgan 14 yashar bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgani aytilayotgan ikki kishi qamoqqa olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi. 

“Farg‘onada 14 yoshli voyaga yetmagan shaxs joriy yil 17 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati IIB muassasasida vafot etganligi haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deydi Bosh prokuratura voizi.

Uning qayd etishicha, tergov mobaynida 2 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi marhum R.Abdusattorovni urib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan tan jarohatlari yetkazishgani ma’lum bo‘lgan.

“Mazkur holat guvohlarning ko‘rsatuvlari va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topdi”, deydi ishonch bilan Shamsutdinov.

Shu sababli, jinoyat ishi doirasida ushbu 2 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi qamoqqa olingan.

Bundan tashqari, ichki ishlar xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Bosh prokuratura tomonidan mazkur jinoyat ishi tergovi va tekshiruv ustidan nazorat o‘rnatilgan.

Avvalroq holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati prokuraturasi ham munosabat bildirgandi. 2007 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan R.A. joriy yilning 16 oktyabr kuni Buvayda tumani, Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida joylashgan “Ansor” savdo majmuasida ota-onasining nazoratisiz yurgani va ushbu majmuada o‘g‘irlik qilmoqchi bo‘lganida, IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tuman IIB boshlig‘ining shu kungi qarori bilan Qo‘qon shahrida joylashgan viloyat IIB Jamoat xavfsizlik xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limiga joylashtirilgani aytilgan.

17 oktyabr kuni esa voyaga yetmagan R.A.ning sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgani sababli shahar Tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilib, unga tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga “bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi” sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 18 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida, jinoyatga bevosita aloqador ikki nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, holat yuzasidan IIB JXX HPB VEIHYOKM xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

295

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing