13 yoshli o‘g‘illariga mashina boshqaruvini bergan ota qamaldi
3-sahifa
−
09 mart 6416 3 daqiqa
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida voyaga yetmagan o‘g‘illarining yuqorida tezlikda mashina haydashiga yo‘l qo‘ygan ota 5 sutkaga qamaldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti xabar berdi.
Mahalla aholisi e’tiroziga ko‘ra, fuqaro Nozim Azizovning Hasan va Husan ismli voyaga yetmagan o‘g‘illari mahalla ko‘chasida avtomashinani juda yuqori tezlikda haydagan. Bu esa mahallada o‘ynayotgan bolalar va yurib turgan keksalar uchun jiddiy xavf tug‘dirgan hamda qo‘shnilar noroziligiga sabab bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ular turli davlat raqamli avtomobillarda, ota-onasi va qarindoshlariga tegishli mashinalarni olib, mahalla ichida bemalol haydab yurgan. Mahalla aholisining aytishicha, ular tor ko‘chalarda ham, katta ko‘chada ham juda yuqori tezlikda harakatlangan.
Mahalla fuqarolaridan biri bu holat yuzasidan bir necha bor ogohlantirish berganini, hatto mahalla komissiyasiga ham murojaat qilganini aytadi. 7 mart kuni soat 21:00 atrofida qo‘shni fuqaro ushbu masalani tinch yo‘l bilan muhokama qilish va bolalarga tanbeh berishni so‘rash maqsadida Azizovning uyi oldiga borgan. Biroq farzandlarini to‘xtatish o‘rniga ota ularni himoya qilishni tanlagan. Guvohlarning aytishicha, u qo‘shni ayolni haqorat qilib, baland ovozda baqirgan va mahalla aholisining tinchligini buzgan.
“Bunday munosabat ko‘pincha o‘smirlar uchun “bizga hamma narsa mumkin” degan signalga aylanadi. Agar kattalar qonunbuzarlikka ko‘z yumsa, bolalarning xatti-harakatlarini oqlasalar yoki ularni tanqiddan himoya qilsalar, o‘smirlarda jazosizlik hissi shakllanadi.
Afsuski, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda shunday holatlar kuzatilmoqda. Voyaga yetmaganlar mashina boshqarib, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzmoqdalar. Ayrim ota-onalar esa bunday qonunbuzarliklarga befarq qaramoqdalar. Biroq bu kabi holatlar oqibatsiz qolmaydi”, deyiladi xabarda.
Mahalladagi janjal yuzasidan 102 raqamiga murojaat qilingan. Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar xodimlari tomonlarni bo‘limga olib borib, holat bo‘yicha surishtiruv harakatlarini amalga oshirgan.
Joriy yilning 8 mart kunidagi sud qaroriga ko‘ra, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro Nozim Azizovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan besh sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Voyaga yetmaganlar tomonidan boshqarilgan transport vositasi esa jarima maydoniga joylashtirilgan.
Nozim Azizov xalqdan uzr so‘rab, farzandlarining qilgan ishidan juda afsusda ekanini bildirgan. U bundan buyon o‘g‘illarini qattiq nazorat qilishini, mashina haydashlariga umuman ruxsat bermasligini va bunday holat takrorlanmasligi uchun barcha choralarni ko‘rishini aytib, xalq oldida va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkeni shahrida 10-sinf o‘quvchisi BMW bilan yo‘l-patrul xizmati inspektorini urib yuborgandi. Hodisa oqibatida yo‘l-patrul xizmati xodimi vafot etdi. Keyinroq inspektorning o‘limida gumon qilinayotgan Doniyor Turg‘unov qamoqqa olindi.
Live
Barchasi