13-kecha: AQSH Eronni bombardimon qilishda davom etmoqda
Olam
−
24 iyul 4933 3 daqiqa
AQSH harbiylari kecha, 23 iyul oqshomida Eronga qarshi navbatdagi zarbalarni amalga oshirib, shu tariqa ketma-ket 13-kecha davom etgan hujumlarni yakunladi. Bu haqda bugun, 24 iyul kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.
Markaziy qo‘mondonlikning ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi hujumlar ikki soatdan ortiq davom etgan.
“CENTCOM Eronning harbiy qo‘mondonlik markazlari, dronlar saqlash inshootlari, aloqa tarmoqlari, sohil kuzatuv nuqtalari va dengizdagi harbiy imkoniyatlariga zarba berdi. Bu Eronning Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan fuqarolik dengizchilari va tijorat kemalari uchun tug‘dirayotgan xavfini yanada kamaytirishga qaratilgan”, deyiladi qo‘mondonlik bayonotida.
AQSH Prezidenti Donald Tramp 23 iyul kuni Yamandagi husiylar Qizil dengizda ikki Saudiya Arabistoni neft tankeriga hujum qilganidan so‘ng Eron va uning husiy ittifoqchilariga qarshi “keskin harbiy jazo” qo‘llanilishini va’da qildi. Tehron esa Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ygan.
Bu hujumlar urushning dunyodagi muhim dengiz savdo yo‘llaridan yana biriga ham yoyilganini anglatadi.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi vakilining ma’lum qilishicha, AQSHning so‘nggi zarbalari oqibatida 50 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 500 kishi yaralangan. So‘nggi kunlarda urushda halok bo‘lgan AQSH harbiylari soni esa 18 nafarga yetgan.
Shuningdek, Tramp kecha, 22 iyul kuni Eron Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalarga har safar o‘q uzganida, AQSH Erondagi bittadan ko‘prik yoki elektr stansiyasini yo‘q qilishini aytdi.
Eron Qurolli kuchlarining qo‘shma qo‘mondonligi esa davlat OAV orqali tarqatilgan bayonotda, agar bu tahdid amalga oshirilsa, Eron mintaqadagi neft, gaz, elektr energetikasi va boshqa iqtisodiy infratuzilma ob’ektlariga zarba berishini ogohlantirdi.
O‘tgan hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp dam olish kunlarida amerikalik harbiylar halok bo‘lganidan keyin Erondan qasos olishga va’da bergan. So‘nggi bir hafta ichida Tramp Eronda nishonga olinayotgan ob’ektlar ro‘yxatini energetika inshootlari va ko‘priklar hisobiga kengaytirish bilan tahdid qilib keldi.
Ma’lumot o‘rnida, 1949 yilgi Jeneva konvensiyalari urush paytida aholining hayoti uchun muhim hisoblangan fuqarolik ob’ektlariga hujum qilishni taqiqlaydi. Xalqaro huquq bo‘yicha amerikalik ekspertlar Trampning bunday ob’ektlarga zarba berish haqidagi avvalgi tahdidlari xalqaro huquq nuqtai nazaridan harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkinligini bildirgan.
Qayd etish joizki, urush davomida AQSH va Isroilning Eronga, shuningdek, Isroilning Livanga bergan hujumlari oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan va millionlab kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Mojaro neft narxlarining oshishiga va jahon moliya bozorlarida beqarorlikka sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Prezident Donald Tramp ko‘rsatmasi bilan Eronga qarshi navbatdagi zarbalarni amalga oshirib, shu tariqa ketma-ket 12-kecha davom etgan hujumlarni yakunlagandi.
Live
Barchasi