12-kecha: AQSH Eronni bombardimon qilishda davom etmoqda (video)

Olam

image

AQSH harbiylari Prezident Donald Tramp ko‘rsatmasi bilan Eronga qarshi navbatdagi zarbalarni amalga oshirib, shu tariqa ketma-ket 12-kecha davom etgan hujumlarni yakunladi. Bu haqda bugun, 23 iyul kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hujumlar davomida Eronning dengizdagi harbiy imkoniyatlari, raketa va dronlar saqlanadigan omborlari, sohil kuzatuv nuqtalari hamda havo mudofaa tizimlari nishonga olingan.

Bayonotga ko‘ra, iyul oyi davomida AQSH qurolli kuchlari quruqlikda Eronning o‘nlab harbiy ob’ektlariga zarba bergan, shu bilan birga dengizda Eronga qarshi blokadani qayta tiklagan. Harbiylar so‘nggi zarbalar taxminan 5 soat davom etganini bildirgan.

Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi vakilining ma’lum qilishicha, AQSHning so‘nggi zarbalari oqibatida 50 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 500 kishi yaralangan. So‘nggi kunlarda urushda halok bo‘lgan AQSH harbiylari soni esa 18 nafarga yetgan. 

Shuningdek, Tramp kecha, 22 iyul kuni Eron Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalarga har safar o‘q uzganida, AQSH Erondagi bittadan ko‘prik yoki elektr stansiyasini yo‘q qilishini aytdi.

Eron Qurolli kuchlarining qo‘shma qo‘mondonligi esa davlat OAV orqali tarqatilgan bayonotda, agar bu tahdid amalga oshirilsa, Eron mintaqadagi neft, gaz, elektr energetikasi va boshqa iqtisodiy infratuzilma ob’ektlariga zarba berishini ogohlantirdi.

O‘tgan hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp dam olish kunlarida amerikalik harbiylar halok bo‘lganidan keyin Erondan qasos olishga va’da bergan. So‘nggi bir hafta ichida Tramp Eronda nishonga olinayotgan ob’ektlar ro‘yxatini energetika inshootlari va ko‘priklar hisobiga kengaytirish bilan tahdid qilib keldi

Ma’lumot o‘rnida, 1949 yilgi Jeneva konvensiyalari urush paytida aholining hayoti uchun muhim hisoblangan fuqarolik ob’ektlariga hujum qilishni taqiqlaydi. Xalqaro huquq bo‘yicha amerikalik ekspertlar Trampning bunday ob’ektlarga zarba berish haqidagi avvalgi tahdidlari xalqaro huquq nuqtai nazaridan harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkinligini bildirgan.

Qayd etish joizki, urush davomida AQSH va Isroilning Eronga, shuningdek, Isroilning Livanga bergan hujumlari oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan va millionlab kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Mojaro neft narxlarining oshishiga va jahon moliya bozorlarida beqarorlikka sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eron bilan katta urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing