12 ball “ishlab olgan” haydovchilar keskin ko‘paydi
Jamiyat
−
08 may 4570 2 daqiqa
Bugun, 8 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jarima ballari 12 taga yetgan haydovchilar soni 49 nafarga yetdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, jarima ballari 12 taga yetgan haydovchilar Toshkent shahrida 29 nafarga yetgan – bu eng yuqori ko‘rsatkich. Shuningdek:
- Farg‘ona – 8 ta holat;
- Buxoro – 3 ta holat.
Shu bilan birga, Toshkent va Andijon viloyatlarida 2 tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida 1 tadan holat qayd etilgan. Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 12 jarima balli haydovchi yo‘q. Yuqoridagi barcha 49 ta holat sudga yuborilgan.
Zoir Yo‘ldoshevning bildirishicha, haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lgan haydovchilar imtihon topshirishi, shuningdek, avtomaktablarda ham o‘qishi zarur. Shuningdek, nazariy imtihon paytida oldingidek 20 savoldan 18 tasiga emas, 50 savoldan 46 tasiga to‘g‘ri javob berishi zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga jarima ballari qo‘llash tizimi doirasida 12 balldan oshgan birinchi holat qayd etilgandi.
2025 yil 1 iyundan yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12-moddasi asosida yozilgan bayonnomalarga ko‘ra, joriy yilning 1 aprelidan esa qoidabuzarliklarni avtomatik ravishda aniqlovchi qurilmalar tomonidan aniqlangan 4 turdagi qoidabuzarliklar, ya’ni setoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, yo‘lning qarama-qarshi yo‘lagida harakatlanish va tezlik qoidalariga amal qilmaslik kabi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishi belgilangan.