102 million sayyoh: Fransiya global magnitga aylandi
Olam
−
19:02 552 1 daqiqa
Vashington va Parij o‘rtasidagi keskin siyosiy munosabatlarga qaramay, 2025 yilda 5 milliondan ortiq amerikalik Fransiyaga safar qilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 17 foiz o‘sish degani. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Fransiya Turizm vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat 2025 yilda jami 102 million xorijiy sayyohni qarshi olgan – bu rekord ko‘rsatkich. Parij Olimpiadasi o‘tgan 2024 yilda ham 100 millionlik marra zabt etilgan.
Qizig‘i shundaki, o‘sish dollar yevro nisbati amerikaliklar uchun ziyonga ishlayotgan sharoitda ro‘y bergan — 2025 yilda dollar yevroga nisbatan 10 foizdan ko‘proq qadrsizlangan. Shunga qaramay, sayyohlar xarajatni ham oshirgan: 77,5 milliard yevro — 9 foizlik o‘sish. Ayniqsa, yuqori toifali mehmonxonalarga talab ortishi kuzatilgan.
Bu tendensiya AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Yevropa Ittifoqi bilan savdo mojarolari, Grenlandiya borasidagi bahslar va Ukraina urushi atrofidagi ziddiyatlariga qaramay sodir bo‘lgan. Demak, siyosiy tortishuvlar turistik qiziqishni to‘sib qo‘ya olmagan. Biroq kelasi yil dinamika o‘zgarishi mumkin.
Live
Barchasi