100 mingga yaqin migrant Rossiyadan quvildi – IIV

Olam

image

Rossiya Ichki ishlar vazirligi (IIV) ma’lumotlariga ko‘ra, turli qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan 100 mingga yaqin migrant bir yarim yil davomida mamlakatdan chiqarib yuborilgan, yana 200 mingga yaqin xorijlikning mamlakatga kirishi cheklangan. Bu haqda kecha, 10 sentyabr kuni Rossiya Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, IIV Fuqarolik va xorijiy fuqarolarni ro‘yxatga olish xizmati boshlig‘i Andrey Kikot ma’lum qildi.

“Mamlakatdan chiqarib yuborish holatlari 2,6 baravarga ortdi. Buning natijasida 100 mingga yaqin kishini chiqarib yubordik, shundan 75 mingi majburiy tartibda amalga oshirildi”, deydi Kikot Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan IIV tizimi Migratsiya masalalari bo‘yicha bo‘linmalari kuni arafasida kechgan uchrashuvda.

Uning aytishicha, IIV Migratsiya xizmati bo‘linmalari tomonidan olib borilgan profilaktik ishlar yakunlariga ko‘ra, Rossiyada qonunni buzgan 197 ming xorijlikning mamlakatga kirishi cheklab qo‘yilgan.

“Shuningdek, maqomni rasmiylashtirishda topshiriladigan hujjatlarni tekshirish sifati bo‘yicha ishlar kuchaytirildi. Oldindan bila turib soxta ma’lumotlar taqdim etilgan 10 baravar ko‘proq qalbaki hujjatlar aniqlandi”, deydi Kikot.

Uning qo‘shimcha qilishicha, IIV migrantlar orasida “soxta nikoh-oilaviy munosabatlarni aniqlash borasida” ham ishlarni yo‘lga qo‘ygan. 

“Bu yerda aniqlash ko‘rsatkichi 20 foizga, oldindan bila turib yolg‘on ma’lumot berish holatlari esa 10 baravarga ortdi”, deydi Kikot.

Buning natijasida vaqtincha yashash uchun ruxsatnomalar bekor qilingan 20 mingta holat qayd etilgan.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bir yarim yil ichida jami 800 ming nafar xorijlik Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgan.

“Biz ularni hisobga olamiz, nazorat qilinuvchi shaxslar reyestriga kiritamiz va ularga nisbatan qidiruv tadbirlari olib borilmoqda”, deydi Kikot.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi 149-sonli maktab o‘quvchilarining qariyb 98 foizini Markaziy Osiyo davlatlaridan bo‘lgan migrantlarning farzandlari tashkil qilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing