10-sinf o‘quvchisi ikkinchi qavatdan tushib ketdi
Jamiyat
−
05 yanvar 2020
6714Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchisi direktor o‘rinbosari sababli ikkinchi qavatdan tushib ketgani haqidagi videoyozuv tarqaldi.
Videoyozuvda Samarqandning Ishtixon tumanidagi 3-maktab 10-sinf o‘quvchisi S.Q. 28 dekabr kuni maktab direktori o‘rinbosari turtib yuborgani uchun ikkinchi qavatdan qulab, jarohat olgani tasvirlangan.
Holat yuzasidan Ishtixon prokuraturasining ma’lum qilishicha, 28 dekabr kuni soat taxminan 13:00 da S.Q. tuman tibbiyot birlashmasining qabul bo‘limiga yopiq KST, bosh miya chayqalishi, o‘ng bilak suyaklarining distal oxiridan yopiq sinib siljishi, chap chakka, chap yonoq va chap ko‘z atrofi yumshoq to‘qimasining lat yeyishi jarohatlari bilan kelgan.
3 yanvar kuni S.Q.ning otasi Ishtixon tumani IIB boshlig‘i nomiga farzandi jarohat olgani yuzasidan ariza bilan murojaat qilgan. Holat yuzasidan IIB tomonidan tergovoldi tekshiruv olib borilmoqda, tekshiruvning borishi Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.